O‘zbekiston | 09:18 / 10.06.2024
2718
2 daqiqa o‘qiladi

Valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxclar ushlandi

Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan F.T. jami 4000 AQSh dollarini fuqaro M.A.ga 55,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan 4500 AQSh dollari, 5000 Rossiya rubli, 1150 Qirg‘iz somi va 73,0 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Ch.D. va Ch.Z. jami 3500 AQSh dollarini fuqaro X.K.ga 44,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Nishon tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan J.T. jami 3000 AQSh dollarini fuqaro B.T.ga 38 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid