Jahon | 10:17 / 11.06.2024
2335
4 daqiqa o‘qiladi

Orbanning partiyasi Yevropa saylovlarida eng yomon natijani qayd etdi

Yevroparlamentga saylovlarda Vengriyadagi hukmron FIDeS partiyasi 44,6 foiz ovoz oldi. 2009 yildan beri uning natijalari 50 foizdan oshayotgandi. Saylovchilarning deyarli 30 foizi siyosatga yangi kirib kelgan Peter Madyarni qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Marton Monus / Reuters

Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning FIDeS partiyasi mamlakat eng yirik siyosiy kuchi bo‘lib qolishiga qaramay, Yevropa parlamenti saylovlarida eng yomon natijani ko‘rsatdi. 10 iyun, dushanba kuni Budapeshtdagi saylov komissiyasi deyarli barcha ovozlarni sanab bo‘lganidan so‘ng, saylovchilarning 44,6 foizi o‘ng qanot populistik hukmron partiyaga ovoz bergani ma’lum bo‘ldi. 

Shu tariqa, FIDeS Yevroparlamentga hozirgi 13 deputat o‘rniga 11 nafar deputatni yuborishi mumkin bo‘ladi. 2009 yildan buyon o‘tgan uchta Yevropa saylovlarida u 50 foizdan ortiq ovoz olib kelgandi. 

Siyosatga yangi kirib kelgan Madyar deyarli 30 foiz oldi 

Ayni paytda, Orban partiyasining o‘tgan saylovlardagi asosiy raqibi – Peter Madyar boshchiligidagi yangi konservativ «Hurmat va erkinlik» (TISZA) partiyasi 29,7 foiz ovoz olib, Yevropa parlamentida 7 ta mandatga ega bo‘ladi. Vengriyadan yana 2 ta mandat saylovchilarning 8,1 foiz ovozini olgan sotsial-demokratik alyansga beriladi. Bir mandat o‘ta o‘ngchi «Bizning vatan» partiyasiga beriladi, uni saylovchilarning 6,8 foizi qo‘llab-quvvatladi. 

43 yoshli advokat Peter Madyar avvalroq sobiq adliya vaziri Yudit Vargega uylangan hamda davlat kompaniyalari va muassasalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2024 yil boshida u jamoatchilikka deyarli noma’lum edi, ammo fevral oyida Orban tizimidan voz kechganini ochiq e’lon qildi va so‘nggi oylarda hukumatga qarshi bir nechta yirik mitinglar o‘tkazib, milliy e’tirofga sazovor bo‘ldi. U Vengriyani 2010 yildan beri boshqarib kelayotgan FIDeS va uning rahbari Orban boshqaruviga barham berish niyatida. 

Yevroparlamentga saylovlar natijalari 

Yevroparlamentga saylovlarda o‘ng markazchi partiyalar alyansi, Yevropa xalq partiyasi (YeXP) g‘alaba qozondi. YeXP parlamentdagi 720 o‘rindan 189 tasini aniq qo‘lga kiritdi. Taqqoslash uchun: joriy chaqiriq Yevropa parlamentida bu alyans 176 mandatga ega. Ikkinchi o‘rinda sotsial-demokratik kuchlar turibdi. Ular 135 ta mandat olyapti (hozirgacha ular 139 mandatga ega edi). Uchinchi natija 83 o‘ringa ega bo‘lgan «Yevropani yangilash» liberal fraksiyasida. Bu 2019 yilgi Yevropa parlamenti saylovlari natijalaridan 19 taga kam. 

«Yashillar»/Yevropa erkin ittifoqi yirik mag‘lubiyatga uchradi. Shu paytgacha ular Yevropa parlamentida 72 o‘ringa ega edi. Biroq joriy saylovlarning dastlabki rasmiy natijalariga ko‘ra, ular bor-yo‘g‘i 53 mandatni saqlab qolishi mumkin. Garchi o‘ng qanot populistik partiyalar, jumladan, «Germaniya uchun muqobil» 2019 yilga nisbatan o‘z natijalarini sezilarli darajada yaxshilagan bo‘lsa-da, kuchli Bryussel siyosati tarafdorlari lageri katta bo‘lib qolmoqda. Dpa agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevroparlamentga kirgan barcha o‘ng qanot partiyalar birlashgan taqdirda ham ularning vakillari jami 200 dan ortiq mandat ololmaydi. Yevroparlamentdagi ko‘pchilik uchun 361 o‘rin kerak. 

Mavzuga oid