Iqtisodiyot | 12:12 / 12.06.2024
2783
2 daqiqa o‘qiladi

Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi qoidalariga qo‘shimchalar kiritilmoqda

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining “Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq:

  • yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar uchun korporativ obligatsiyalarni chiqarishga yo‘l qo‘yiladi;
  • yashil korporativ obligatsiyalarni chiqarish va muomalasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlanadi.

 
Yashil korporativ obligatsiyalarni chiqarish uchun qo‘shimcha ravishda quyidagilar taqdim etiladi:

  • Xalqaro kapital bozorlari assotsiatsiyasi (ICMA) tomonidan vakolat berilgan yoki Iqlim obligatsiyalari tashabbusi (CBI) tomonidan tasdiqlangan yoxud Yevropa qimmatli qog‘ozlar va bozorlar boshqarmasi (ESMA) tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlardan asos dasturi bo‘yicha yashil standartlarga muvofiqlik sertifikatini olganlik to‘g‘risidagi xulosa nusxasi, shuningdek yashil obligatsiyalarni chiqarish uchun asos dasturi;
  • korporativ obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lardan foydalanish maqsadi va ularning O‘zbekiston milliy “yashil” taksonomiyasi va/yoki boshqa ekvivalent taksonomiyalar talablariga muvofiqligi bo‘yicha emitent rahbari va bosh buxgalterining imzolari bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma.

 
Shuningdek, obligatsiya chiqarish to‘g‘risidagi qaror va emissiya risolasida:

  • obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni milliy yashil taksonomiya va/yoki boshqa ekvivalent taksonomiyalar talablariga muvofiq ishlatish maqsadi to‘g‘risida ma’lumot;
  • milliy yashil taksonomiya va/yoki boshqa ekvivalent taksonomiyalar talablari doirasida erishiladigan rejalashtirilgan natijalar (KPI) to‘g‘risida ma’lumot;
  • yashil standartlarga muvofiqlik sertifikatining mavjudligi, shuningdek, bunday sertifikatni bergan tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi lozim. 

Mavzuga oid