Iqtisodiyot | 14:28 / 13.06.2024
4351
5 daqiqa o‘qiladi

Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini jilovlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank Boshqaruvining 2024 yil 13 iyundagi navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, asosiy stavka energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini jilovlash maqsadida o‘zgarishsiz qoldirilgan. Bu bilan pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy fazada saqlab qolinadi.

“Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target ko‘rsatkichigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini ko‘radi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Inflatsiya

May oyida umumiy inflatsiya uy xo‘jaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari ta’sirisiz inflatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.

Umumiy inflatsiyaga monetar omillar ta’siri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng bo‘ldi. Xizmatlar bazaviy inflatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.

Inflatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflatsiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, iste’mol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar o‘sishi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan sekinlashgan.

Aprel oyidagi energiya tariflari o‘zgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14 va 13,3 foizga teng bo‘ldi. May oyida aholi kutilmalari 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi. Tariflar o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’siri dastlab prognoz qilinganidan ko‘ra pastroq shakllanmoqda.

Bu, o‘z navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va yil yakunida inflatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida bo‘lishiga xizmat qiladi.

Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda

Joriy yil yanvar-may oylaridagi muqobil statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Xususan, yanvar-may oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan savdo va pulli xizmatlardan tushumlar 37,4 foizga va iqtisodiyot sub’yektlarining banklar orqali to‘lovlari hajmi 36,4 foizga ko‘paydi. Pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga oshib, aholi daromadlarining real o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omillardan bo‘lmoqda.

Yanvar-may oylarida banklar tomonidan 102 trln so‘mlik yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan. Ushbu davrda aholining milliy valutadagi muddatli depozitlari 21 foizga, bank hisobvarag‘iga ega aholi soni 6,1 foizga va ularning hisobvaraqlari soni 14,8 foizga ko‘paygan.

Xizmatlar sohasi va ishlab chiqarish sanoatidagi barqaror o‘sish sur’atlari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lib, investitsion faollikning yuqoriligi ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi ta’sirida mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligicha saqlanib qoladi.

Asosiy eksport tovarlari narxining xalqaro bozorlarda yuqori shakllanishi va importga bo‘lgan talabning normallashuvi sharoitida tashqi savdo manfiy balansining birmuncha qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Real almashuv kursi mustahkamlanishi kutilmoqda

Iqtisodiyotga turli kanallar orqali valuta oqimlarining ortishi va unga bo‘lgan talabning barqarorlashishi bilan birga may oyidagi ichki inflatsiya hisobiga real almashuv kursining ma’lum darajada mustahkamlanishi kutilmoqda.

Banklararo pul bozorida ta’minlangan operatsiyalar ulushining ortib borishi kredit xatarining va mos ravishda foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishiga xizmat qiladi. Barqarorlashgan likvidlik holati va makroprudensial choralar ta’sirida chakana kreditlar o‘sishi muvozanatlashmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining joriy darajada saqlab qolinishi iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda milliy valutada jamg‘arishni rag‘batlantirishga hamda bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi dinamikada davom etishiga zarur sharoitlarni yaratadi.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlar bilan bog‘liq tashqi noaniqliklarning kuchayishi fonida shakllanib boradigan tashqi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib pul-kredit siyosati choralariga tegishli to‘g‘rilashlar kiritib boriladi.

Markaziy bank inflatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga hamda inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida e’tibor qaratishini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid