Jahon | 11:48 / 15.06.2024
3489
3 daqiqa o‘qiladi

Siril Ramaposa JAR prezidenti etib qayta saylandi

JARning saylangan parlamenti birinchi sessiyasida deputatlar aksariyati Afrika milliy kongressi yetakchisi Siril Ramaposa nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: AP

Janubiy Afrika Respublikasi Milliy assambleyasi Siril Ramaposani mamlakat prezidenti etib qayta sayladi. 14 iyun, juma kuni kechqurun «Afrika milliy kongressi» (AMK) partiyasi yetakchisi 71 yoshli Ramaposa nomzodi uchun 283 deputat ovoz berdi. Uning raqibi, «Iqtisodiy erkinlik kurashchilari» partiyasidan Julius Malemni 44 deputat qo‘llab-quvvatladi, dedi Janubiy Afrika yangi parlamentining birinchi yig‘ilishiga raislik qilgan JAR bosh sudyasi Raymond Zondo yashirin ovoz berishdan so‘ng

Ramaposaning yangi inauguratsiyasi 19 iyun kuni Pretoriyada bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda AFP hukumatdagi manbalarga tayanib. 

«Afrika milliy kongressi» birinchi marta koalitsiya tuzishga majbur bo‘ldi 

May oyining oxirida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Janubiy Afrikadagi hukmron AMK partiyasi 30 yil ichida birinchi marta mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi va taxminan 40 foiz ovoz to‘pladi. Shundan so‘ng u bir nechta kuchlar bilan hukumat koalitsiyasini tuzishga kelishib oldi. Uning hamkorlari qatorida liberal Demokratik alyans va milliy Inkata ozodlik partiyasi ham bor edi.

Aparteidga qarshi kurashgan Nelson Mandela partiyasi - AMK - yangi parlamentdagi 400 o‘rindan 159 tasiga ega (ilgari - 230). 1994 yilda Janubiy Afrika demokratik kursi boshlanganidan beri, AMK har doim parlament saylovlarida mutlaq ko‘pchilik ovozlarni qo‘lga kiritgan va Afrika qit’asidagi eng kuchli iqtisodiyotni bir o‘zi boshqarib kelgan. 

Kuzatuvchilar AMK mashhurligi pasayishiga turg‘un iqtisodiyot, yuqori ishsizlik, inqiroz holatidagi davlat kompaniyalari, barbod bo‘lgan infratuzilma, elektr va suvning muntazam uzilishlari, jinoyatchilik va korrupsiya yuqori darajasi sabab ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, AMK 40 foizdan ortiq darajada qo‘llab-quvvatlanishi saylovchilar hali ham partiyani aparteiddan xalos bo‘lish jarayoniga bog‘lashi bilan izohlanadi. 

Mavzuga oid