Jahon | 12:41 / 17.06.2024
2980
3 daqiqa o‘qiladi

«Belarus yo‘nalishi»: yanvardan beri Germaniyaga 2215 nafar muhojir kirib keldi

Germaniya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarusdan migratsiya yo‘li yana faol foydalanilmoqda. Polsha va Chexiya bilan chegaralarda Germaniyaga ruxsatsiz kirishlar soni yil boshidan buyon barqaror ravishda oshib bormoqda.

Foto: GRODNO REGION via REUTERS

Germaniya federal politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Belarus yo‘nalishi» deb atalmish yo‘ldan foydalanayotgan muhojirlar soni yana oshib bormoqda. Xususan, yanvar oyining boshidan may oyining oxirigacha Germaniya hukumati vakillari Polsha va Chexiya bilan chegarada ushbu yo‘nalish bo‘ylab Germaniyaga 2215 nafar ruxsatsiz kirishni qayd etdi, deb xabar berdi dpa agentligi 16 iyun, yakshanba kuni.

Agar yanvar oyida atigi 26 ta, fevralda esa 25 ta holat kuzatilgan bo‘lsa, mart oyida bunday kirib kelishlar soni 412 taga, aprelda 861 taga, may oyida esa, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 891 taga yetgan. Yil boshidan buyon Brandenburg federal yerida 1021 ruxsatsiz kirish qayd etilgan, Saksoniyada - 867, Meklenburg-Old Pomeraniyada - 327 holat, deya aniqlik kiritdi politsiya.

Biroq, o‘sish tendensiyasiga qaramay, agentlikning qayd etishicha, bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada past. 2023 yil may oyi oxiriga kelib, politsiya «Belarus yo‘nalishi» bo‘ylab zarur hujjatlar yoki vizalar bilan 6 mingga yaqin muhojirning kirishini qayd etdi. Qonunga ko‘ra, Germaniyadan boshpana so‘ragan odamlar ro‘yxatga olinib, vaqtinchalik qochqinlar lagerlariga joylashtirilishi shart. 

Polsha va YeI Moskva va Minskni noqonuniy migratsiyada ayblayapti

Polsha va Yevropa Ittifoqi 2021 yildan beri Rossiya va Belarusni dunyoning inqirozli mintaqalari aholisiga viza va logistika bilan ta’minlash orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ruxsatsiz kirishga ataylab yordam berishda ayblab keladi. Bunday qonunbuzarliklarni bostirish uchun Polsha rasmiylari Belarus bilan chegarada balandligi 5,5 metr bo‘lgan panjara o‘rnatdi. 

Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, Polsha chegara xizmati chegarani noqonuniy kesib o‘tishga urinishlar soni muttasil ortib borayotganini tasdiqladi va 2024 yil boshidan buyon 16,5 ming shunday holat qayd etilganini bildirdi. O‘tgan yilning shu davrida 11 200 ta shunday urinishlar bo‘lgan. 

Belarus orqali Yevropa Ittifoqiga kirishga urinayotgan noqonuniy muhojirlarning aksariyati - Iroq fuqarolari. Ular orasida Suriya, Kongo va Kamerun fuqarolari ham uchrab turadi.

Mavzuga oid