OAV: Germaniya afg‘onlarni O‘zbekiston orqali uylariga jo‘natmoqchi
Berlin afg‘onlarni O‘zbekistonga, u yerdan esa - o‘z vatanlariga KamAir reyslarida jo‘natmoqchi, deb yozadi Der Spiegel. Germaniya delegatsiyasi yaqinda Toshkent bilan ushbu rejani muhokama qildi.
Germaniya hukumati qochqin maqomini olish huquqiga ega bo‘lmagan afg‘onlarni ortga qaytarish uchun O‘zbekiston bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 16 iyun, yakshanba kuni Der Spiegel jurnali yozadi.
Nashrning yozishicha, may oyi oxirida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirig‘iga binoan Germaniya delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, u yerda O‘zbekiston hukumati bilan tegishli rejani muhokama qilgan. «Nemislar O‘zbekiston hukumatiga maxsus reja taklif qilishgan, – deb yozadi nashr. - Unga ko‘ra, Germaniya afg‘onistonlik nomzodlarni charter reyslar orqali Toshkentga yetkazishi mumkin, u yerdan Afg‘oniston fuqarolari Kobulga KamAir xususiy aviakompaniyasi samolyotlarida olib ketiladi. Bu yo‘nalish Berlin toliblar hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormasdan turib afg‘onlarni chiqarib yuborish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan».
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Germaniya IIV delegatsiyasi Toshkentdan qaytgach, muzokaralar «konstruktiv» o‘tganini ma’lum qilgan va O‘zbekiston hukumati yordam haqida va’da bergan. O‘z navbatida, KamAir aviakompaniyasi vakillari ham xuddi shunday tarzda fuqarolarni Afg‘onistonga olib borish mumkin, degan fikrni bildirdilar, deyiladi maqolada.
Avvalgi yillar davomida bu firma Shvetsiyaga xuddi shunday deportatsiya missiyalarida yordam bergan va kompaniya rahbariyati Afg‘onistondagi toliblar hukumati bilan ishonchli aloqalarga ega, deb yozadi Der Spiegel.
O‘zbekiston shartlari
Toshkentning sharti esa Germaniya bilan O‘zbekistondan Germaniyaga malakali mutaxassislar yuborilishini tartibga soluvchi rasmiy migratsiya shartnomasini imzolashdir. Nashrning xabar berishicha, bunday kelishuvni tayyorlash bir necha oydan beri davom etmoqda.
Der Spiegel nashriga ko‘ra, federal hukumatning migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp kelasi hafta muzokaralarni davom ettirish uchun O‘zbekistonga keladi.
Germaniyadan muhojirlarni chiqarib yuborish masalasi
Boshpana olish huquqiga ega bo‘lmagan muhojirlarni Germaniyadan chiqarib yuborish zarurligi haqidagi bahslar afg‘on fuqarosi may oyi oxirida Mangeymda Pax Europa tashkiloti mitingi ishtirokchilariga hujum qilib, yosh politsiyachining o‘limiga sababchi bo‘lganidan keyin yana kuchaydi.
«Bunday jinoyatchilar Suriya yoki Afg‘onistondan kelgan bo‘lsa ham, deportatsiya qilinishi kerak», dedi Germaniya kansleri Olaf Shols bundestagda ushbu fojiali voqeadan keyin.
Hozirda Germaniyada bo‘lgan qancha afg‘on fuqarosi deportatsiya qilinishi mumkinligi aniq emas, deydi jurnalistlar. Nashrning yozishicha, Germaniyada yashovchi 13 mingga yaqin afg‘on mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi. Biroq, ularning ko‘pchiligi hozirda deportatsiya qilish mumkin bo‘lmagan maqomga ega, masalan, bu oilaning ajralishiga olib kelishi yoki migrantning vatanidagi vaziyat xavfli deb hisoblanishi mumkin.
Mavzuga oid
00:32 / 16.11.2024
Xavfli nafas olish apparatlari tufayli Philipsʼga qarshi kollektiv da’vo kiritildi
10:11 / 15.11.2024
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
14:00 / 14.11.2024
XDI rahbari Mers Germaniya siyosatini tubdan o‘zgartirishni talab qilmoqda
20:26 / 12.11.2024