Iqtisodiyot | 09:06 / 17.06.2024
5295
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati birinchi bo‘lib tovar don topshirish rejasini bajardi

Surxondaryolik g‘allakorlar bu yil ham O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, tovar don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. 

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, vohalik g‘allakorlar 2024 yil hosili uchun 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g‘alla navlarini parvarishlab, bugun, 16 iyun holatiga don korxonalariga 210 ming 246 tonna sara tovar don sotib, shartnomaviy rejani 101,0 foizga bajargan.

Jumladan, Sheroboddagi “Shoymon bobo” fermer xo‘jaligi 107,2 sentner, Qumqo‘rg‘ondagi “Elobod ziyosi” fermer xo‘jaligi 106 sentner, Angordagi “Umid shox Angor” fermer xo‘jaligi 101,2 sentner, Muzrabotdagi “Amirqul bobo KAA” fermer xo‘jaligi 100,3 sentner, Jarqo‘rg‘ondagi “Panji Umid Bunyod” fermer xo‘jaligi 100,2 sentner, Termiz tumanidagi “Qoraxon Yangiariq” fermer xo‘jaligi 101 sentnerdan hosil olib, vohamiz xirmoniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan.

Joriy yilda voha g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 94 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 840 ming tonna sara don ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.

Mavzuga oid