O‘zbekiston | 13:44 / 21.06.2024
19742
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan fuqaro vafot etdi

Rasmiy munosabatda uning bino yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushidan ketgani aytilmoqda. Shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilganda uning vafot etgani aniqlangan.

Foto: Kun.uz

Bekobod shahar IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushidan ketgan fuqaro vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye”, “k”, “l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Bekobod shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

2024 yil 19 iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari 43 yoshli D.Yu. va 46 yoshli D.Yu. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘targan.

Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.

Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.

IIB binosiga kirish yo‘lagida, D.Yu.ning sog‘ligi yomonlashib hushini yo‘qotgan. Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan.

Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. STE xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.

Avvalroq Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit, Qo‘qonda IIB muassasasida 15 yoshli o‘smir, Bo‘kada tergovga jalb etilgan fuqaro kasalxonada vafot etgandi.

Mavzuga oid