Jahon | 10:12 / 23.06.2024
10621
3 daqiqa o‘qiladi

Xarkiv bo‘ylab zarba berildi. Aviabombalardan biri turar joy binosiga tushgan

Uch kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Vitalii Hnidyi / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shini 22 iyun kuni kunduzi Xarkiv bo‘ylab boshqariluvchi aviabombalar tashladi, deb xabar qiladi mahalliy rasmiylar. Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov zarba natijasida fuqarolik infratuzilmasi shikastlanganini xabar qilgan: turar joy, jamoat transporti bekati, do‘konlar.

Ukraina bosh prokurori ofisi bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lib, 52 kishi jarohatlangan. 16 kishi shifoxonaga yotqizilgan, shundan olti nafari og‘ir ahvolda. Jabrlanganlardan ikki nafari — bolalar.

Xarkiv oblasti prokuraturasi Rossiya qo‘shini shahar bo‘ylab to‘rtta aviabomba tashlaganini xabar qilgan. Shahar meri Igor Terexovga ko‘ra, bombalardan bittasi besh qavatli turar joy binosiga, yana uchtasi — ishlab chiqarish korxonalariga tushgan. Korxonalarga zarbalar oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana uch kishi jarohatlangan. 

«Suspilne» nashri o‘z muxbiriga asoslangan holda, aviabomba tushishi oqibatida turar joy binosining tashqi devori qisman, shuningdek kamida uchta qavatdagi kvartiralar vayron bo‘lganini xabar qilgan. 

Qurbonlardan biri — zarba kelib tushgan joy yaqinidagi bekatda turgan trolleybus yo‘lovchisi. 

Andrii Marienko / AP / Scanpix / LETA
Aviazarba oqibatida vayron bo‘lgan kvartira
Vitalii Hnidyi / Reuters / Scanpix / LETA
Qutqaruvchi iti bilan vayron bo‘lgan uy xarobalari ostidan yaradorlar va omon qolganlarni qidirmoqda
Andrii Marienko / AP / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkivga zarba yuzasidan munosabat bildirgan. U bunday hujumlar «to‘xtatilishi kerakligi va to‘xtatilishi mumkin bo‘lgani» haqida gapirgan. 

«Biz Rossiya terrorchilari va Rossiya harbiy aviatsiyasini turgan joyida yo‘q qilishimiz uchun hamkorlardan kuchliroq qarorlar kerak. Biz allaqachon chegaradosh hududlarni terrorchilarning raketa uchirish qurilmalaridan tozalash orqali odamlar hayotini raketa terroridan chinakamiga himoya qila olishimizni isbotlaganmiz. Bombalardan ham himoya qilish kerak. Shunday qat’iylik lozim», — deya yozgan Zelenskiy o‘z telegram-kanalida. 

Mahalliy telegram-kanallardan birida Xarkiv bo‘ylab zarbalardan biri aks etgan video joylashtirilgan. Kadrlar videoregistrator orqali yozib olingan.

Mavzuga oid