Jahon | 08:52 / 25.06.2024
9175
3 daqiqa o‘qiladi

WikiLeaks asoschisi Assanj Britaniya qamoqxonasidan ozod etildi

Julian Assanj garov evaziga ozod qilindi va Britaniyadan chiqib ketdi, deya xabar berdi uning tarafdorlari. WikiLeaks asoschisi 18 ta ayblovdan biri bo‘yicha aybini tan olish to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishdi.

Foto: Reuters

London Oliy sudi WikiLeaks portali asoschisi Julian Assanjni garov evaziga ozod qildi. Bu haqda 25 iyun, seshanbaga o‘tar kechasi WikiLeaks vakillari xabar berdi. Assanj 24 iyun kuni ertalab Britaniyaning eng yuqori darajadagi Belmarsh qamoqxonasini tark etdi va keyinroq London Stansted aeroportida samolyotga o‘tirdi va Britaniyadan uchib ketdi, dedi uning sheriklari. Ular hisob-kitoblariga ko‘ra, WikiLeaks yaratuvchisi 1901 kunni jazoni ijro etish muassasasida o‘tkazgan. 

The Washington Post va CNN sud hujjatlariga tayanib yozishicha, Assanj tergov bilan 18 ta ayblovdan biri bo‘yicha aybini tan olish uchun dastlabki kelishuvga erishgan. Bitim hali rasman yakunlangani yo‘q, deya ta’kidladi WikiLeaks.

Yangi kelishuv shartlariga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi prokurorlari avstraliyalik ma’lumot tarqatuvchiga 62 oylik qamoq jazosini talab qiladi. Assanj juda ko‘p vaqtini Londondagi qattiq rejimli qamoqxonada o‘tkazdi. 26 iyun kuni AQShning uyushgan hududi bo‘lgan Shimoliy Mariana orollaridagi sud qaror chiqarishi kutilmoqda.

Julian Assanj ishi 

Qo‘shma Shtatlarda WikiLeaks asoschisi maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, josuslik va kompyuter tarmoqlarini buzish uchun fitna kabi 18 ta moddada ayblanmoqda. Agar aybi isbotlansa, u 175 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Vashingtonga ko‘ra, Assanj AQShning Iroq va Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlariga oid maxfiy materiallarni amerikalik askar Bredli Menning (keyinchalik Chelsi Menning)dan olgan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, bu AQSh razvedka xizmati ma’lumotchilarining hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Shu bilan birga, Assanj tarafdorlari qayd etishicha, WikiLeaks saytida materiallar chop etilishi natijasida jamoatchilik Amerika askarlari tomonidan Yaqin Sharqda sodir etilgan jinoyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lgan. 

Ekvador elchixonasidagi boshpana

2012 yildan 2019 yilgacha Assanj zo‘rlash ishi bo‘yicha Shvetsiya tomonidan chiqarilgan Yevropa orderi bilan hibsga olinishidan qo‘rqib, Londondagi Ekvador elchixonasida panoh topgan. WikiLeaks asoschisi aybini tan olmadi va Shvetsiya uni AQShga ekstraditsiya qilishi mumkinligini aytdi. Keyinchalik Shvetsiya adliya idoralari ma’lumot tarqatuvchiga nisbatan dastlabki tergovni to‘xtatdi. 

2019 yilning aprel oyida Ekvador WikiLeaks asoschisini xalqaro konvensiyalarni buzganligini bahona qilib, boshpanadan mahrum qildi. O‘shanda u Janubiy Amerika davlati elchixonasida hibsga olingan. 

Mavzuga oid