Jahon | 08:09 / 29.06.2024
4640
3 daqiqa o‘qiladi

New York Times Baydenni prezidentlik poygasidan chiqishga chaqirdi

Bayden va Tramp o‘rtasidagi debat demokratlar saylovda boshqa nomzod izlashi kerakligini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi The New York Times tahririyati.

Foto: Reuters

The New York Times gazetasi tahririyati AQSh prezidenti Jo Baydenni saylovoldi poygadagi keyingi ishtirokidan voz kechishga va demokratlardan «baquvvatroq» nomzodga o‘z o‘rnini berishga chaqirdi. 28 iyun, juma kuni chop etilgan materialga ko‘ra, o‘zining raqibi Donald Tramp bilan birinchi teledebatida Bayden «buyuk davlat xizmatchisi soyasi» sifatida namoyon bo‘ldi

«Janob Bayden ajoyib prezident bo‘ldi. Uning rahbarligida xalq gullab-yashnadi va bir qator uzoq muddatli muammolarni hal qila boshladi, janob Tramp ochgan yaralar bita boshladi. Lekin janob Bayden hozir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng katta xizmati - qayta saylanishdan voz kechishini e’lon qilish», deb yozadi jurnalistlar.

Bayden «to‘rt yil avvalgidek holatda emas»

Materialda ta’kidlanganidek, 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan teledebatlardan so‘ng saylovchilar «aniq bo‘lgan narsani e’tiborsiz qoldira olmaydilar: janob Bayden to‘rt yil oldingidek holatda emas». Amerikaliklar hozirgi prezidentning «yoshi va zaifligini» o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda. «U bir necha bor gapning oxiriga yetishda qiynaldi», deb ta’kidlaydi NYT tahririyati.

Maqola mualliflariga ko‘ra, Demokratik partiya «millat manfaatlarini bir kishining ambitsiyalaridan ustun qo‘yish yukiga ega» va uning «boshqa yetakchilari borki, ular o‘z zimmasiga tushadigan siyosatga aniq, jozibali va g‘ayratli alternativa taqdim etishga tayyorroq». «Saylovchilarni janob Tramp va janob Baydenning kamchiliklari o‘rtasida tanlov qilishga majburlash orqali mamlakat barqarorligi va xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishga hech qanday asos yo‘q», — deyiladi materialda. 

Demokratlar Bayden o‘rniga boshqa nomzod topa oladimi?

Jurnalistlarning fikricha, respublikachini mag‘lub etish uchun demokratlar Amerika jamoatchiligi bilan halol bo‘lishlari kerak - «janob Bayden bu poygani davom ettira olmasligini tan olishlari» va boshqa da’vogar topishlari kerak.

Teledebat tugashi bilanoq, Demokratik partiya avgust oyida bo‘lib o‘tadigan, Bayden rasman nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilayotgan partiyaning Milliy qurultoyidan oldin yoki uning davomida prezidentlikka boshqa nomzod ko‘rsatishi mumkin, degan taxminlar bildirila boshlandi.

Omma oldida yetakchi demokratlar Baydenni qo‘llab-quvvatlab, uning g‘alabasi uchun kurashishlarini aytishmoqda. Uning shtabi rasmiy vakillari ham prezident kurashdan chekinish niyatida emasligini bildirdi.

Mavzuga oid