O‘zbekiston | 14:18 / 30.06.2024
9838
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi O‘zbekistonga keldi

Antoniu Guterrishni aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi, qator sanoat va ijtimoiy soha obektlarini ham borib ko‘rish rejalashtirilgan.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati

30 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deya xabar bermoqda bosh vazir matbuot xizmati.

Antoniu Guterrishni Toshkent xalqaro aeroportida bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Qisqa suhbatdan so‘ng u tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamrohligida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oliy martabali mehmonning tashrifi doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari, shuningdek, global siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.

O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.

Tashrif davomida BMT bosh kotibi qator sanoat va ijtimoiy soha obektlarini ham borib ko‘radi, ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi.

So‘ngra Antoniu Guterrish Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga borishi reja qilingan. Guterrish mintaqaga so‘ngi bor 2017 yilda tashrif buyurgan edi. Joriy sayohat 7 iyulga qadar davom etadi.

Mavzuga oid