O‘zbekiston | 19:15 / 02.07.2024
6572
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Toshkent metropoliteni yopiq vestibyullar masalasida izoh berdi

Qayd etilishicha, ochilganidan beri yopiq turgan 5 ta metro bekatining 2-vestibyuli uchun loyihalar ishlab chiqilib, eskpertizadan o‘tkazilgan. Hozirda quruvchi tashkilotni aniqlash bo‘yicha tender o‘tkazilmoqda, bir oy ichida ishlar boshlanishi ma’lum qilindi.

Kun.uzʼning poytaxt metrosidagi yopiq vestibyullar haqida yozgan xabaridan so‘ng Toshkent metropoliten xizmati rasmiy izoh bildirdi. Unga ko‘ra, bundan 30-40 yil ilgari barpo etilgan yerosti bekatlaridan beshtasida, ya’ni «Milliy bog‘», «Mashinasozlar», «O‘zbekiston», «G‘afur G‘ulom» va «Yunus Rajabiy» bekatlarining ikkinchi vestibyullarida qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan holatda foydalanishga topshirilgan.

Ta’kidlanishicha, 2023 yilda «Toshkent metropoliteni» DUK tomonidan bu vestibyullar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir tashabbuslar tegishli tartibda hukumat muhokamasiga taqdim etilgan va hukumat tomonidan bu ishlar amalga oshirilishiga ruxsat berilgan.

Shundan so‘ng, Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan «Toshmetrotrans» MChJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan. Hozirga kelib, loyihalar bo‘yicha tegishli xulosalar olingan bo‘lib, qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanishi uchun bu loyiha tenderga joylashtirilgani ma’lum qilindi.

«Bu jarayon bosqichma-bosqich shaklda amalga oshishini inobatga olgan holda, qurilish ishlari yaqin bir oy muddatda boshlanadi. Qurilishning tugash muddati xususida esa qurilish jarayonlarining texnik holatiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», – deyiladi xabarda.

Shuningdek, «Xalqlar do‘stligi» bekatidagi mavjud eskalatorni yangisiga almashtirish maqsadida yopilgan ikkinchi vestibyulda ishlar amalga oshirilayotgani, uning faoliyati bir oy muddatda qayta yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Mavzuga oid