“Yo‘llarda bolalar o‘lmoqda, tizimli o‘zgarishlar kerak” – faollar qonli YTHlar haqida
Navoiy viloyatida 2 ta BYD krossoverlari o‘zaro poyga o‘ynab, aholi yashash punktida piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan yosh qizchani bosib o‘tib ketishi jamoatchilikni larzaga soldi. Faollar bolalarning bunday o‘lim topayotganida qonun va qaror qabul qiluvchilar birdek aybdor, deb hisoblashmoqda. Haydovchilarga jarima ballari qo‘llanishi tezroq amaliyotga kiritilmasa, qoidabuzarlik uchun jarimalar oshirilmasa, jazo muqarrar va qaqshatqich bo‘lmasa vaziyat o‘nglanmaydi.
Xatirchi tumanida 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni BYD mashinasi urib, bosib o‘tib ketdi. Haydovchi mashinani aholi yashash hududida 142 km/soat tezlikda boshqargan. 4 iyul kuni tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rib dahshatga tushishdan o‘ziga kelib ulgurmagan odamlar, Samarqandda "Nexia-3" avtomobili 7 yoshli qizni ustidan bosib o‘tib ketib o‘ldirganini ko‘rishdi.
Bu qo‘rqinchli va ayanchli tasvirlar jamoatchilikni larzaga soldi. Jamoatchilik faollari, huquqshunos va iqtisodchilar bu borada zudlik bilan choralar ko‘rilishi kerakligini aytishmoqda. Kun.uz shulardan ba’zilarini bir maqolaga jamladi.
“Biz hammamiz aybdormiz. 6 yil o‘tdi, lekin hech narsa qilinmadi”
Bloger Nikita Makarenko 2018 yilda yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tugatilishi kerakligi haqida yozganini eslarkan, hozir ham shu fikrida qolganini aytmoqda. U 6 yil o‘tgan bo‘lsa ham mas’ullar avtohalokatlarni kamaytirish borasida biror ishni amalga oshirmagan deb hisoblaydi.
“Strategiya yo‘q, real rejalar yo‘q, xavfsiz ko‘chalar yo‘q, birortasi yo‘q. Jazoning muqarrarligi ham yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi.
Butun O‘zbekiston Navoiyda avtomobil g‘ildiraklari orasida qolib, vafot etgan qizaloqni muhokama qilmoqda. Hech qaysi mashina uni o‘tkazib yuborish uchun piyodalar yo‘lagida to‘xtamadi. Bu o‘lim (qolgan hammasi)ga nafaqat haydovchilar, balki:
- qotil haydovchilarga nisbatan hali ham haqiqiy choralarni ko‘ra olmayotganlar (avtomobil va haydovchilik guvonomasidan mahrum qilish, amnistiyasi qamoq jazosi, ballar tizimi. Qani ular?);
- piyodalar uchun real xavfsiz muhandislik choralarini ko‘ra olmayotgan odamlar (majburiy ko‘tarilgan o‘tish joylari, svetoforlar);
- "60 km/soat kam, 70 km/soat tezlikni qaytaring" deb yig‘layotgan ahmoq va noshud odamlar aybdor. (Hamma blogerlar, faollar jarimalarni oshirish haqida yozishsin. Bizga 50 km/soat kerak. Va har bir burchakka radarlar ham, 10 mln so‘mgacha jarimalar ham zarur! Haydovchilik guvohnomasidan ham mahrum qilishsin)”,– deydi u.
Blogerning qo‘shimcha qilishicha, yetarli chora ko‘rmaganlarning hammasi bolalar o‘limida aybdor. “Biz hammamiz aybormiz. Nimadir qilishga harakat qilyapmiz, lekin 6 yil o‘tdi. Hech narsa qilinmadi”, – deya yozgan Makarenko.
“Yana bir bolajon mashina tagida qolib o‘ldi: ko‘zyoshlarning og‘irligi yo‘q”
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa ayni vaziyatda qonunchilikda tizimli o‘zgarishlar qilinishi zarurligini ta’kidlagan. U postida mas’ullar muammoni hal qilish uchun xohishi yo‘qligiga ishora qilgan.
“Afsuski, bunaqa holatlarni keskin kamaytira olmayapmiz, chunki buni chin dildan xohlab, harakat qiladigan mardlar topilmayapti.
Yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashga oid jiddiy choralar ko‘rish paytida shu soha tepasidagi mas’ullar ham, hukumat vakillari ham ijtimoiy tarmoqdagi “avtoterrorist”larning oh-vohidan xavotir oladi va qo‘rqqanidan ular bilan hisoblashadi.
Aslida esa hukumat shahar ichida 170 tezlikda yuradigan “avtoterrorist”lar bilan emas, aksincha qoidabuzarlar tufayli farzandini, ota-onasini va boshqa jigarlarini yo‘qotgan fuqarolar bilan hisoblashishi kerak edi. Ularning dardini eshitishi va boshqa qaytarilmasligi uchun keskin choralar ko‘rishi shart edi. Afsuski bizda unday emas. Ming afsus.
O‘zi tinimsiz radarga tushib, keyin videoda “voy-dod, oyligim kam, endi bu jarimani qanday to‘layman” deb yig‘laydigan ahmoqlar, qancha ko‘p qoida buzganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘z-ko‘z qilib, maqtanadigan mashhur kaltafahm san’atkor va blogerlar, qonunlarga qanchalik tupurib qo‘yganini ko‘rsatishga urinadigan kattakonlarning betayin arzandalari O‘zbekistonda tarozi pallasini ko‘proq bosib yubormoqda. Ularning toshi og‘ir, bolasini yo‘qotganlarning ko‘zyoshlari esa yengil kelmoqda.
Afsus, ming afsus…”,– deydi u.
Huquqshunos posti davomida Senatda hanuzgacha taqdiri hal qilinmagan yo‘l xavfsizligi tizimini takomillashtirishga oid qonun loyihasini eslagan.
“Eng qizig‘i, biz bor narsani ham eplab oxiriga yetkaza olmaymiz. Butun boshli Konstitutsiyaga qarshi ish qilayotgan bo‘lsak ham, tomoshabin bo‘lib turaveramiz.
Masalan, o‘tgan yili haydovchilar uchun jarima ballari tizimini joriy etishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Aslida bu tizim 2022 yil 1 dekabrda ishga tushishi kerak edi, bu haqda Prezident qarorida aytilgandi. Lekin 1 yarim yildan buyon qaror talabini bajarishmayapti. 2023 yil noyabr oyiga kelib, bu haqdagi qonun Parlamentda ko‘rib chiqilishni boshladi.
Mana shu yaxshi qonunning ham boshiga yetishdi. Eng avvalo ayrim mansabdorlar qonunning ichiga umuman mazmunan mos kelmaydigan Konstitutsiyaga zid bitta moddani qo‘shib yuborishgan. Ya’ni organ xodimini video va fototasvirga olib, Internetga joylash mumkin emas, degan qoidani tiqishgan. Vaholanki, bu qoida Konstitutsiyadagi axborot olish va tarqatish hamda so‘z erkinligiga zid. Ichki ishlar vazirligi qilganmi buni yoki boshqa tashkilotning buyurtmasi bo‘lganmi, ma’lum qilinmadi.
Bu qonun uchun namuna olindi deb aytilgan Fransiyadagi qonunni Fransiya Konstitutsiyaviy sudi bekor qilish haqida qaror chiqargan, chunki bu fransuzlarda ham Konstitutsiyaga zid deb topilgan”, – deydi Xudoyberdiyev.
Mutaxassisning aytishicha, masalaga befarq bo‘lish kerakmas, qonun tezkorlikda qabul qilinishi lozim.
“Ochig‘i men bu qonun bo‘yicha ko‘p ham bosim qilishni xohlamayotgan edim, chunki bizda shunaqa bosim bo‘lsa, "tezda tasdiqlavoraylik" deb qolishlari mumkin va haligi ahmoqona modda ham kuchga kirib ketishi hech gap emas.
Lekin ko‘p kuta olmaymiz ham. Har kuni yo‘llarimizda bolalar o‘lyapti axir.
Agar befarq bo‘lmasangiz kanalingiz nomini "yo‘llarda bolalar o‘lmoqda" ga o‘zgartirishingizni so‘rab qolaman.
Qonuniy tomondan tizimli o‘zgarishlarni tezroq kuchga kiritish zarur”,– deydi huquqshunos.
“Shaxsiy manfaatlar insonlarning halok bo‘lishiga olib kelmoqda”–
Sobiq deputat, ayni vaqtda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham huquqshunosning fikrini davom ettirgan holda jarima ballari muhimligini eslatgan.
“Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimi”ni tezroq ishga tushirish zarur.
Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ullar ushbu tizimni ishga tushirish bo‘yicha qonun loyihasiga boshqa masalalarni (tasvirga olib tarqatganlik uchun jazo) aralashtirmaganida qonun allaqachon qabul qilingan bo‘lardi.
Bugun idoraviy, shaxsiy manfaatlar ko‘plab haydovchilikka nomunosib shaxslarning rul boshqaruvida qolishi va insonlarning halok bo‘lishiga olib kelmoqda. Yo‘llarda siz-u bizning farzandlarimiz, yaqinlarimiz yoki o‘zimizni bosib o‘ldirishga tayyor potensial qotillar ko‘p. Ularni haydovchilik huquqidan mahrum qilib, avtomobil boshqaruviga yaqinlashtirmaslik choralari ko‘rilmasa ertaga hammaning boshiga yetishadi”,– deydi u.
Kusherbayev agar qoidabuzarliklarni jarima ballari orqali baholash tizimi tezroq joriy qilinganda G‘allaorolda YTH sodir etgan yigitning ham haydovchilik guvohnomasi avvalgi qoidabuzarliklari uchun olib qo‘yilgan bo‘lardi va u o‘quvchilarni bosib ketmasdi – degan fikrda.
Qimmat jarima, qaqshatqich va muqarrar jazo bo‘lishi kerak
Iqtisodchi Shuhrat Qurbonov ham shu masalada o‘z fikri bilan bo‘lishib, muhim 4 ta taklifini ilgari surgan.
“1. [Yo‘l qoidalarini buzish bilan bog‘liq] qator jarimalardagi, masalan, tezlikni 20 km/soatdan oshirishga, qizildan o‘tishga, polosani bosishga, favqulodda avtomobilni boshqarishga nisbatan chegirmalarni olib tashlash kerak. Tushumlarni oshirmoqchi bo‘lsangiz, teskarisini qiling – har 2 haftada jarima summasini 30-50 foizga oshiring. Shuni sinab ko‘ring, bu chegirmadan ko‘ra yaxshiroq ishlaydi.
2. Xavfli haydash tushunchasini kengaytirish kerak – yo‘lda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish (chiziqni bosib emas, aynan qarama-qarshi yo‘nalishda haydash), shahar ichida tezlikni 40 km/soatdan oshirganlik uchun [haydovchining] guvohnomasini 6 oy va undan ko‘p muddatga olib qo‘yish kerak.
3. Hamma kameralarni joyiga qaytarish kerak. Shaharning ko‘p joylarida noma’lum sabablarga ko‘ra, kameralar g‘oyib bo‘lgan. Ularning sonini ko‘paytirish kerak. Nafaqat tezlikni qayd etadigan, balki avtomobilni boshqarish vaqtida telefondan foydalanganlikni ham yozib oladigan bo‘lishi zarur.
4. Nazoratda inson omilini yo‘qotish kerak, qaysi raqamdagi, qanday harfdagi avtomobil haydovchisi qoidani buzgani ahamiyatsiz, qoidani buzdimi, jarimani to‘lasin. O‘ylaymanki, hurmatli odamlarimizda jarimani to‘lash uchun yetarlicha pul bor.
Hurmatli qaror qabul qiluvchilar, bular bugun qilinishi kerak bo‘lgan me’yorlar, to sizning yaqiningiz YTH qurboni bo‘lmaguncha kutmang”,– deydi u.
Shuningdek, Qurbonov amaldagi Ma’muriy javobgarlik kodeksining takror huquqbuzarliklar uchun jazo kuchaytirilishi haqidagi normasi ham qonuniy ekanini yozib, bu xato ekaniga ishora qilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 5 oyida 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Buning oqibatida 65 nafar bola halok bo‘lgan. Navoiy va Samarqandda g‘ildiraklar ostida qolgan bolalar esa yil boshidan buyon nechanchi qurboni ekani noma’lum.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
09:31 / 20.11.2024
Jizzaxda ikki bola mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi
16:55 / 15.11.2024
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
13:49 / 14.11.2024