Jamiyat | 14:00 / 09.07.2024
3995
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda tog‘da jarohat olgan fuqaro qutqarildi

Uch kishi sayr qilish maqsadida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Qulosoy sharsharasi yaqiniga borgan. Biroq ulardan biri ehtiyotsizligi oqibatida oyog‘idan jarohat olgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Qutqaruvchilar Bo‘stonliq tumanida tog‘da jarohat olgan fuqaroni qutqarishdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 8 iyul kuni soat 13:09 atrofida uch kishi sayr qilish maqsadida Bo‘stonliq tumani Burchmulla mahallasidagi Qulosoy sharsharasi yaqiniga borib, ulardan biri ehtiyotsizligi oqibatida chap oyog‘idan jarohat olgani haqida xabar kelib tushgan.

Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadi va Bo‘stonliq tumani FVBning bir guruh qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borgan va jarohat olgan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ular dengiz sathidan 1800 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushilib, jarohatlangan fuqaro tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

Fuqaroning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli shifokorlar tomonidan yashash uyiga ruxsat berilgan.

Oldinroq Bo‘stonliq tumanidagi Kichik Oqsoy tog‘iga sayr qilishga borib adashib qolgan 4 kishi qutqarilgandi.

Mavzuga oid