Iqtisodiyot | 10:49 / 09.07.2024
4933
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi

Iyun oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 294 mln dollarga kamayib, 36,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Zaxiralar tarkibidagi oltinning fizik hajmi va qiymati oshgan. Xorijiy valuta zaxiralari esa 9,23 mlrd dollardan 8,43 mlrd dollargacha qisqargan.

Foto: Bloomberg

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 36,3 mlrd dollarni tashkil qildi.

Iyun oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati 26,81 mlrd dollardan 27,31 mlrd dollargacha oshgan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi 11,4 mln troya unsiyadan 11,7 mln troya unsiyagacha ko‘paygan.

Shuningdek, xorijiy valuta zaxiralari qiymati 9,23 mlrd dollardan 8,43 mlrd dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari umumiy hisobda qariyb 294 mln dollarga kamaygan. Bunga o‘tgan oyda oltin eksport qilinmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, O‘zbekiston aprel va may oylarida oltin sotishni 1 tonnagacha kamaytirgani xabar qilingandi. Bu ko‘rsatkich fevral-mart oylarida 23 tonnani tashkil etgan.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid