Sport | 15:23 / 10.07.2024
11076
7 daqiqa o‘qiladi

Messi gol urdi, Argentina majburiy dasturni bajardi

Jahon chempionlari finalda to‘liq kuch bilan o‘ynashi talab etiladi.

Foto: SARAH STIER/GETTY IMAGES

Argentinaliklar kanadaliklarni mag‘lub etgan holda, Amerika kubogining ilk finalchisiga aylandi.

Amerika Kubogi-2024. Yarimfinal
Argentina — Kanada 2:0
Gollar: Alvares (22), Messi (51).
Argentina – Emiliano Martines, Montiel (Molina, 71), Romero, Lisandro Martines, Talyafiko (Otamendi, 64), Di Mariya (Gonsales, 78), Mak Allister (Palasios, 78), De Paul, Fernandes, Messi, Alvares (Lautaro Martines, 78).
Kanada – Krepo, Lareyya (Ahmad, 55), Jonston, Kornelius, Lumpungu, Devis (Osorio, 71), Eushtakiu (Shuene, 72), Kone, Larin, Devid (Oluvaseyi, 64), Shaffelburg (Millar, 55).
Ogohlantirishlar: Devid (32), Eushtakiu (63), Marsh (77), Kone (79), Molina (88)

Amerika kubogining birinchi yarimfinali ushbu jamoalar qarama-qarshiligida o‘tishini oldindan taxmin qilish qiyin edi. Aniqrog‘i, Argentina bu bosqichga yetib kelishiga hech kim shubha qilmagan, ammo Kanada turnirning eng kuchli to‘rt jamoasi qatorida bo‘lishini ko‘pchilik kutmagandi. Shimoliy amerikaliklar uchun guruhda uchinchi o‘rin bo‘lish uchun inqiroz holatidagi peruliklar bilan raqobat qilishi kutilayotgandi. Ammo qizillar Chilini ham ortda qoldirib, guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi, keyin esa pley-offning ilk o‘yinida o‘z guruhidan yuz foizlik natija bilan chiqqan Venesuelani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi.

Jamoani 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlash uchun taklif etilgan Jyessi Marsh o‘z ishini a’lo darajada uddalamoqda. «Lids»dan bo‘shatilganidan keyin bir yildan ortiq vaqt davomida ishsiz yurgan amerikalik mutaxassis turnir boshlangunicha yangi jamoasi bilan atigi ikki o‘yin o‘tkazishga ulgurgandi. Birinchisida Niderlandiyadan to‘rtta javobsiz gol qabul qilib olindi, ikkinchisida Fransiya bilan o‘yinda darvozalar daxlsizligi saqlab qolindi, keyin esa Kanada uchun tarixiy yutuqlarga erishildi. Marshning o‘zi birinchi kundayoq uni bu lavozimga olib kelishni qanchalar xohlashganini his qilganini aytmoqda.

Uning ishlariga faqat ikki yildan keyin — jahon birinchiligida to‘liq baho berilishi tushunarli. Ammo ayni vaqtda u bilan shartnoma imzolagan Kanada futboli rahbarlari va homiylar barchasidan mamnun bo‘lishi kerak. AQSh futbol federatsiyasi esa uni qo‘ldan chiqargani uchun afsusda. Amerikaliklar o‘tgan yili Marshni suhbatga taklif etishgan, ammo yakunda Gregg Berhalter bilan shartnomani uzaytirishga qaror qilishgan. Kanadadagilar esa federatsiyaning moliyaviy holati yaxshi emasligiga qaramay, undan pul qizg‘onish to‘g‘ri bo‘lmasligini anglashgan. Yangi rahbariyat Kanadani 2022 yilgi mundialga olib chiqqan va jamoa bosh murabbiyligidan ketib, «Toronto» klubida ish boshlagan Jon Herdman bilan bog‘liq holatdan saboq chiqarishgani ko‘rinib turibdi. Ushbu mutaxassis federatsiya milliy jamoaga zarur moliyaviy yordam hamda shart-sharoitlar yaratib bermaganini tanqid qilgandi.

Qizillar yangi shtab bilan o‘yindan o‘yinga kuchaymoqda. Shunchalikki, Kopa Amerika davomida Argentinaga qarshi ikkinchi uchrashuvni o‘ta dadil boshladi. Kanada himoyada o‘tirishni istamadi va omadini qarshi hujumlardan izladi. Jamoa kombinatsiyalar uyushtirishdan ham tortinmadi va argentinaliklarni sergak turishga majbur qildi. Eng qulay vaziyatdan forvard Jyeykob Shaffelburg foydalana olmadi: u qulay pozitsiyada turib pas qabul qilib oldi va jarima maydoniga kirmasdan uzoq burchakni nishonga oldi, ammo to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. Shuningdek, «Bavariya» vingeri Devis, Fransiya chempionatining eng yaxshi to‘purarlaridan biri Devid hamda «Portu»ning asosiy futbolchilaridan biri Eushtakiu alohida ajralib turishdi. 

Dastlabki 10 daqiqalikdan keyin Argentina yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Umuman olganda aytish mumkinki, Argentina bu o‘yinni ham butun turnir davomidagi boshqa o‘yinlar kabi o‘tkazdi. Jamoa asosan ijrochilar saviyasiga tayanmoqda. Messi va Di Mariyaga navbatdagi shedevr gollarini urishga santimetrlar xalal bergan bo‘lsa, Alvares 22-daqiqada De Paulning ajoyib uzatmasidan keyin ikki markaziy himoyachi orasidan yorib o‘tib, hisobni ochdi.

Tanaffus arafasida esa kanadaliklar hisobni tenglashtirishga yaqin kelishdi. To‘p autdan darvozabon hududiga tashlab berilganida unga Devid yetib bordi, ammo chempionlarni Emiliano Martines yana bir bor qutqardi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanganida esa Leo nihoyat turnirdagi ilk golini urdi. U Enso Fernandes jarima maydoniga kirish joyidan tepgan to‘pni yo‘l-yo‘lakay darvozaga to‘g‘rilab yubordi. U to‘p tepilgan vaqtda ofsaydda emasdi va darvozabonning ko‘rish masofasiga kirmagandi.

Argentinaning ikkinchi golidan keyin Kanada taqdirga tan bergandek ko‘rina boshladi. Turnirning amaldagi g‘olibiga qarshi, tarkibda Messi borligida ikki gol farqini yo‘qqa chiqarish — uddalab bo‘lmas vazifa edi. Argentina ham kuch tejash rejimiga o‘tdi va oldinga chiqmay qo‘ydi. Ayrim holatlarda maydonda Fransiya va Angliyaning Yevro-2024 davomidagi o‘yinlari takrori qo‘yilayotgandek ko‘rindi.

Lekin bu o‘yin ham argentinaliklarning qiziqqonligisiz o‘tmadi. 79-daqiqada kanadaliklar yarimhimoyachisi Ismael Kone De Paulga fol ishlatdi va to‘pni yerda yotgan raqibiga qarata tepdi. Arbitr unga sariq kartochka ko‘rsatdi, argentinaliklar esa o‘zlarini zanjirdan bo‘shalgandek tutib, kanadaliklar ustiga tashlanishdi.

O‘yinning so‘nggi qismi nisbatan tinch kechdi. Kanada gol urish va intrigani qaytarishga urindi, ammo bundan hech narsa chiqmadi. 90-daqiqada Tani Oluvaseyi qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi: u yaqin masofadan zarba bergandi, ammo Emiliano Martines argentinaliklarni yana bir bor qutqardi.

Argentina qilishi kerak bo‘lgan ishni amalga oshirdi va qatorasiga ikkinchi bor kubokni qo‘lga kiritish uchun navbatdagi qadamni tashladi. Faqat finalda Lionel Skaloni jamoasi maksimal kuch bilan harakat qilishi kerak bo‘ladi. Kanadaga qarshi o‘yinda jamoa yarim soat davomida to‘liq kuch bilan harakat qildi va shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Hal qiluvchi bahsda esa 90, balki 120 daqiqa davomida shunday o‘ynashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar. Agar Urugvay Kolumbiya to‘sig‘idan o‘tsa, final okeanortidagi eng sovrindor ikki jamoa qarama-qarshiligiga aylanadi, ayni vaqtgacha ular 15 martadan Amerika kubogini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid