O‘zbekiston | 10:22 / 10.07.2024
8020
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi Ipotekabankka nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Ipotekabank o‘zining Instagram’dagi sahifasida «Super» nomli omonat turi bo‘yicha reklama joylashtirgan. Reklamada ushbu omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekanligi bayon etilgan. Raqobat qo‘mitasining o‘rganishlariga ko‘ra, 26 foizlik stavka dastlabki 3 oy uchun amal qilishi, keyingi uch oy uchun bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaytirilishi ma’lum bo‘ldi.

Foto: ipotekabank.uz

Reklama berish bo‘yicha qonun talablarini buzganligi uchun Ipotekabankka nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

«Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi Ipotekabank sahifasida bank tomonidan joriy qilingan «Super» nomli omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekani bayon etilgan.

Ushbu axborotga bankning internetdagi rasmiy sahifasi joylashtirilgan ma’lumotlar asosida aniqlik kiritilishicha, «Super» nomli omonat turi shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablag‘lari bo‘yicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi uch oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, xuddi shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablag‘lari bo‘yicha esa mos ravishda 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi ma’lum bo‘ldi.

Bunda, «Super» nomli omonat turi bo‘yicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan pul mablag‘lari berilsa-da, ijtimoiy tarmoqdagi reklama axborotida omonatning muhim shartlari ochib berilmagan», deyiladi qo‘mita xabarida.

Reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasi va 43-moddasi hamda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan Ipotekabankka nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid