Iqtisodiyot | 11:00 / 11.07.2024
4080
4 daqiqa o‘qiladi

2024 yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk savdosi 5,7 foizga qisqardi

Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar hajmi 5,7 foizga pasaygan. Bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 26,5 foizni, Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida esa 10,6 foizni tashkil etgan. O‘z navbatida Andijon (12,7 foiz), Xorazm (8,3 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (6 foiz) o‘sish kuzatilgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning iyunida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni kamayib, jami 20,2 mingtani tashkil qilgan.

«Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar hajmi 5,7 foizga pasaydi. Ammo hududiy kesimda vaziyat bir turli bo‘lmagan dinamika bilan xarakterlanadi, Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida faollik oshgani qayd etilgan.

Tahlil ko‘chmas mulk bozori beqarorligi va qisqa muddatli tebranishlariga ishora qilmoqda. Xususan, bir oy davomida faollik 6,4 foizga pasayib, ikki oylik ijobiy dinamika o‘rnini egalladi. Holbuki may oyida sotuvlar 9 foizga, aprel oyida esa 11 foizga oshgan edi. Yil davomida sotuvlar esa deyarli 14 foizga pasaydi», deyiladi ITIM sharhida.

Hududiy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Iyun oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarning eng ko‘p pasayishi Sirdaryo, Buxoro va Andijon viloyatlarida kuzatilgan –mos ravishda 21 foiz, 20 foiz va 16 foiz.

Respublikaning aksariyat hududlarida sotuvlar pasayishiga qaramasdan, Toshkent shahrida ijobiy dinamika saqlanib qolgan. Hisobot davrida poytaxtda faollik deyarli 5 foizga o‘sgan.

Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaygan. Mazkur pasayish ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqargan. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, bir qator hududlarda ijobiy dinamika qayd etilgan. Xususan, 6 oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon (12,7 foiz), Xorazm (8,3 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (6 foiz) kuzatilgan.

Toshkent uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

Poytaxt ijara bozori may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijaraning o‘rtacha bahosi 1,2 foizga pasayib, bir kvadrat metr uchun 8,3 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara haqi hamon yuqori bo‘lib, har kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollarga teng bo‘lib turibdi.

Nisbatan arzon uy ijarasi Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda, bu joylarda ijaraning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 6,4 dollarni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, yil boshidan beri ijara narxining 9,8 foizga arzonlashishi qayd etilgan, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa ijara haqi 5,5 foizga pasaygan.

Ikkilamchi uy-joy bozori

O‘tgan oyda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida ham narxlar o‘sish sur’ati sekinlashgan. Agar may oyida uy-joy o‘rtacha narxi o‘sishi kvadrat metr uchun 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich 0,3 foiz bo‘lgan.

Biroq o‘tgan yilning iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar deyarli 10 foizga oshgan.

Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1 foizga), Buxoro (17,1 foizga), Qashqadaryo (16,7 foizga) va Toshkent viloyatlarida (16 foizga) qayd etilgan.

Toshkentda ikkilamchi bozordagi umumiy narxlar bir oyda 1,1 foizga pasaygan. Shayxontohur (0,8 foiz), Yakkasaroy (0,6 foiz) va Olmazor tumanlarida (0,3foiz) esa o‘sish kuzatilgan.

Mavzuga oid