Jamiyat | 18:17 / 11.07.2024
28808
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 13 yoshli qiz yashash uyida qotillik alomatlari bilan topildi

Hodisa joyidan barmoq izlari, 2 dona yostiq, 2 dona pivo spirtli ichimligining yelim idishi, 2 dona qulflar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Sud tibbiy ekspertizacining birlamchi ma’lumotiga ko‘ra, qizning o‘limiga bo‘yin a’zolarining qisilishi, bo‘g‘ish natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Gumonlanuvchini qidirib topish bo‘yicha viloyat IIBga alohida topshiriq berilgan.

Yangiyer shahrida 2011 yilda tug‘ilgan qizning jasadi yashash uyida jonsiz holatda topildi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning 3 iyul kuni soat 19:30 larda Yangiyer shahri Shukrona mahallasidagi uylarning birida ijara asosida yashovchi S.M. Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qilib, shu kuni soat 19:00 atrofida ishdan yashash xonadoniga kelganida uyning mehmonxona qismida 2011 yilda tug‘ilgan farzandi S.K.ning jasadi yotganini ma’lum qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joy tezkor-tergov guruhi a’zolari ishtirokida ko‘zdan kechirilib, protsessual tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hodisa joyidan barmoq izlari, 2 dona yostiq, 2 dona pivo spirtli ichimligining yelim idishi, 2 dona qulflar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Marhuma S.K.ning murdasi tashqi tomondan ko‘zdan kechirilganda, uning old peshona sohasi chap tomonida, bo‘yin old sohasi chap va o‘ng yuzasi o‘rta qismida, chap son sohasi o‘rta qismida ko‘kimtir tusdagi qontalashlar va qorin old devori o‘ng yonbosh sohasida ko‘ndalang joylashgan chiziqli shilinma kabi jarohatlar borligi aniqlangan.

Marhuma S.K.ning murdasi ko‘zdan kechirilib, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Yangiyer tumanlararo sud tibbiy ekspertizacining birlamchi ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga bo‘yin a’zolarining qisilishi, bo‘g‘ish natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 3 iyul kuni Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan Yu.X.ni qidirib topish bo‘yicha viloyat IIBga alohida topshiriq berilgan.  

Mavzuga oid