Jahon | 08:21 / 14.07.2024
65151
9 daqiqa o‘qiladi

Trampga suiqasd uyushtirildi. Asosiy ma’lumotlar

Miting chog‘ida ro‘y bergan otishma oqibatida respublikachilar nomzodi yaralangan, gumonlanuvchi yo‘q qilingan, yana bir kishi halok bo‘lgan, ikki jabrlanuvchi og‘ir ahvolda.

Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniyaning Batler shahridagi saylovoldi mitingi chog‘ida yaralandi. Hodisa aks etgan videoda uning chiqishi chog‘ida o‘q ovoziga o‘xshash tovushlar eshitilayotganini ko‘rishi mumkin; siyosatchi o‘ng qulog‘ini ushlaydi va polga cho‘kkalaydi. Maxsus xizmat agentlari uni qurshab olishgan, ko‘tarilishga yordam berishgan va sahnadan olib ketishgan. Videoda Trampning qulog‘i qonga belangani ko‘ringan; u sahnani hushi joyida holatda va mushtini ko‘targan holda tark etgan.

Maxfiy xizmatlar vakili Tramp ayni vaqtda «xavfsizlikda» ekanini ma’lum qildi, deb xabar beradi The New York Times. Trampning saylov kampaniyasi vakili ham sobiq prezidentning «ahvoli yaxshiligi» va mahalliy tibbiyot muassasasida tibbiy ko‘rikdan o‘tganini ma’lum qilgan. Batler okrugi prokuroriga ko‘ra, o‘q Trampni «tirnab o‘tgan». CBS News ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan uch soat o‘tib sobiq prezident shifoxonani tark etgandi.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va yaralanganlar bor — Batler okrugi prokurori mitingga kelganlardan biri halok bo‘lgani va yana ikki jabrlanuvchi og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan. O‘t ochgan shaxs Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan. Gumondorning shaxsi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruv ishlari Maxfiy xizmat tomonidan olib borilmoqda, ammo unga boshqa idoralar, xususan Federal qidiruv byurosi ham jalb etiladi.

CNN hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda.

Trampga o‘q uzgan shaxsning o‘zi tadbir ishtirokchilari orasida bo‘lmagan, u miting maydoni tashqarisidagi uylardan birining tomidan turib bir necha marta o‘q uzgan, degan CNN muxbirining huquq-tartibot organlaridagi manbalari. Batler okrug prokurori Richard Goldinjyer hujum qilgan shaxs tomda bo‘lgani va «bir necha yuz yard» masofadan turib o‘t ochganini tasdiqlagan. «Buning uchun miltiq kerak bo‘lardi», — degan u. Keyinroq jinoyatchining yonidan AR-15 rusumli yarimavtomat miltiq topilgan.

Otishma uyushtirgan shaxs va Tramp turgan joy geolokatsiyasiga ko‘ra, ularning oralig‘ida taxminan 125 metr bo‘lgan; ABC News manbasi esa bundan qariyb ikki barobar ko‘proq masofani aytmoqda — 200-300 yard.

BBC News mitingga tashrif buyurganlardan biridan intervyu olgan, u otishma boshlanishidan bir necha daqiqa oldin o‘zi va atrofidagilar miltiq ko‘targan shaxs sahnaga qarab turganini ko‘rishgan va politsiyachilarni ogohlantirishga urinishgan, ammo bundan naf chiqmagan.

Maxfiy xizmat agentlari boshqa xizmatlar xodimlari bilan birgalikda saylovoldi mitinggiga kelganlarning barchasini tekshiruvdan o‘tkazishi kerak edi, deya yozadi Associated Press agentligi. Bundan tashqari, maxsus xizmatlar bunday tadbirlarda ehtimoliy hujumlarni aniqlash va uni bartaraf etishga maxsus o‘qitilgan xodimlardan foydalanadi.

Prezident Jo Bayden Tramp «xavfsizlikda ekani va o‘zini yaxshi his qilayotgani»ni eshitganidan xursandligini aytgan va «Amerikada bunday zo‘ravonlikka joy yo‘qligi»ni ta’kidlagan. «Biz mamlakat sifatida birlashishimiz va buni qoralashimiz lozim», — deya uning so‘zlarini keltirgan The New York Times. Bu xabar ortidan Bayden qisqacha telemurojaat bilan chiqdi; u yaqin vaqtlar ichida Tramp bilan muloqot qilishiga umid bildirgan. Hodisa munosabati bilan Baydenning kampaniyasi o‘z reklamalarini TV orqali namoyish etishni to‘xtatgan.

Amerikaning har ikki partiyasiga mansub bo‘lgan siyosatchilar Trampni qo‘llab-quvvatlovchi va siyosiy zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar berishmoqda. Ilon Mask bo‘lajak saylovlarda Trampni «to‘la» qo‘llashini aytib, u tez orada sog‘ayishiga umid bildirgan. Donald Trampning o‘g‘li qonga belangan holda qo‘lini musht qilib turgan otasining fotosini «U Amerikani qutqarish uchun kurashni hech qachon to‘xtatmaydi» yozuvi bilan e’lon qilgan.

15 iyul kuni Miluokida respublikachilarning milliy konvensiyasi boshlanishi lozim edi, unda partiya prezidentlik va vitse-prezidentlik uchun o‘z nomzodlarini rasman e’lon qilishi ko‘zda tutilgan. The New York Times jurnalisti va CNN telekanali siyosiy tahlilchisi Meggi Haberman mitingdagi otishma nazariy jihatdan ushbu tadbirni ortga surishi mumkinligini aytgan, ammo Associated Press xabariga ko‘ra, Respublikachilar partiyasi milliy qo‘mitasi bu tadbir o‘z vaqtida o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Maxsus xizmat xodimlari qonga belangan Trampni sahnadan olib ketishmoqda
Gene J. Puskar / AP / Scanpix / LETA

Hodisadan ikki soatdan ko‘proq vaqt o‘tganida Tramp ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘z munosabatini bildirdi.

Men Pensilvaniya shtati, Batler shahrida ro‘y bergan otishmaga tezkor reaksiya ko‘rsatgani uchun AQSh Maxfiy xizmatiga va barcha huquq-tartibot organlariga minnatdorchilik bildiraman. 

Birinchi navbatda, men mitingda halok bo‘lgan kishining, shuningdek og‘ir yaralanganlarning oilalariga hamdardlik bildirishni istardim. Bizning mamlakatda bunaqasi bo‘lishi mumkinligi aqlga sig‘maydi. Ayni vaqtda o‘ldirilgan mergan haqida hech narsa ma’lum emas. 

O‘q o‘ng qulog‘imning yuqori qismini teshib o‘tdi. Men nimadir joyida emasligini sezdim, hushtak, o‘q ovozlari eshitildi va o‘q terimni yirtib o‘tganini his qildim. Kuchli qon oqishi boshlandi va shunda nima bo‘layotganini tushundim. XUDOYIM, AMeRIKANI PANOHINGDA SAQLA!

AQSh tarixida prezidentlar va prezidentlikka nomzodlar bir necha bor suiqasd nishoni bo‘lishgan. Amaldagi prezidentlardan to‘rt nafari o‘ldirilgan — Avraam Linkoln (1865), Jyeyms Abram Garfild (1881), Uilyam Mak-Kinli (1901) va Jon Kennedi (1963). 1981 yilda Ronald Reygan jiddiy jarohatlangan. 1912 yilda prezidentlikka qayta saylanish uchun nomzodini qo‘ygan Teodor Ruzvelt saylovoldi tadbiri chog‘ida yaralangan. 1968 yilda saylov kampaniyasi chog‘ida Jon Kennedining ukasi, demokratlar praymerizida yetakchilik qilib turgan Robert o‘ldirilgan; 1972 yilda prezidentlikka demokratlar partiyasidan nomzodi ko‘rsatilishi kutilgan Jorj Uolles suiqasd natijasida yaralangan. Shuningdek, AQShning so‘nggi o‘n yilliklardagi barcha prezidentlariga suiqasd tayyorlangani aniqlanib, ularning oldi olingan.

Butun dunyoda siyosatchilarga suiqasdlar soni ortib bormoqda

Ekspertlar so‘nggi vaqtlarda butun dunyo bo‘ylab siyosiy suiqasdlarga urinishlar va o‘lim bilan tahdid solish holatlari ortganini qayd etishadi.

O‘tgan yili Ekvador prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisensio Kitoda o‘ldirilgandi.

Argentina vitse-prezidenti Kristina Fernandes de Kirshner ham suiqasdga uchragan — ammo u bilan bog‘liq holatda yollanma qotilning to‘pponchasi otilmay qolgandi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe qo‘lbola qurol orqali otib o‘ldirilgan.

Joriy yil boshida esa Janubi Koreyadagi muxolifat yetakchisi Li Je Men bo‘ynidan yaralangan, bahorda esa Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso suiqasdni boshdan kechirgandi.

AQShda so‘nggi vaqtlarda bu kabi holatlar kuzatilmagandi, ammo amerikalik yuqori martabali mulozimlarga tahdidlar soni ortib bormoqda.

New York Times nashri xabariga ko‘ra, o‘tgan yili politsiyachilar Kongress a’zolari manziliga kelib tushgan sakkiz mingdan ortiq tahdidlarni tekshirgan, bunday tahdidlar federal sudyalarga nisbatan ham bildirilgan.

O‘tgan yil oktyabrida amerikaliklarning to‘rtdan bir qismi «vatanparvarlar mamlakatni qutqarish uchun zo‘ravonlikka qo‘l urishiga ham to‘g‘ri keladi» deb hisoblashi ma’lum bo‘lgandi (bu shunday so‘rovlar o‘tkazilgan so‘nggi uch yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich edi).

Mavzuga oid