Jahon | 10:09 / 15.07.2024
69239
6 daqiqa o‘qiladi

20 yoshli Tomas Kruks - Trampni o‘ldirishga uringan shaxs haqida nimalar ma’lum?

Suiqasddan keyin Kruks respublikachilar va Trampni yomon ko‘rishini aytgani haqidagi video feyk bo‘lib chiqdi. Uni tashqi ko‘rinishi Kruksga o‘xshab ketadigan pranker e’lon qilgan.

Foto: Reuters

FQB Pensilvaniya shtati Batler shahridagi mitingda Donald Trampga o‘q otgan shaxs 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanini ma’lum qildi. U shahar tashqarisidagi tinch joyda ota-onasi bilan yashagan va Respublikachilar partiyasi tarafdori sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Uning Trampga otgan o‘qi aniq bormagan — o‘q siyosatchining qulog‘ini tirnab o‘tgan — boshqa o‘qlar esa yig‘ilganlardan birini o‘ldirib, yana ikki nafariga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Uni Trampni sobiq prezident hamda prezidentlikka nomzod sifatida qo‘riqlagan Maxfiy xizmat xodimlari otib tashlagan.

NYT fotografi Dag Mills Tramp tomon otilgan o‘q yo‘nalishini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Federal surishtiruv byurosi iste’fodagi agenti Mafkl Harrigan bu chindan o‘q izi ekanini tasdiqlagan.

Mitingda qatnashgan Tramp tarafdorlaridan biri yaqin atrofdagi bino tomiga qurollangan odam chiqqanini ko‘rgach, bu haqda politsiyaga xabar bergan, ammo ular hech qanday reaksiya bildirmagan. Uning aytishicha, qurollangan jinoyatchini boshqa odamlar ham ko‘rib, bu haqda xabar berishgan. Qizig‘i, Tramp so‘zga chiqqan minbar yonida ikkita mergan odamlarga va katta ehtimol bilan, qotil joylashgan tomonga qarab turgan. Mitingdagilar aynan shu merganlarni videoga olayotganda otishma boshlanib ketgan.

Tomas Kruksning yonida hujjatlari bo‘lmagan va tergov uning shaxsiga DNK namunalari bo‘yicha aniqlik kiritdi.

Tomas Kruks ota-onasi bilan Pitsburg shahri chekkasidagi Betel-parkda yashagan, bu suiqasd ro‘y bergan joydan 70 km masofadagi hudud. U 2022 yilda o‘rta maktabni tamomlagan va diplomdan tashqari 500 dollar miqdorida «yulduzli mukofot» ham olgan. Bu matematika va tabiiy fanlarni rivojlantirish dasturi doirasidagi mukofot bo‘lgan — bu haqda mahalliy gazetada ham yozilgan.

Maktabdan keyin Kruks uyidan uzoq bo‘lmagan hududda qariyalar uyidagi oshxonada ishlagan.

Pensilvaniya shtati sud idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Kruks hech qachon jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.

Amerika matbuoti aniqlashicha, respublikachilar nomzodi Trampning hayotiga suiqasd qilgan ushbu yigit Respublikachilar partiyasi tarafdori sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Joriy yilda Kruks ilk marta prezidentlik saylovlarida ovoz berishi mumkin bo‘lgan.

Shu bilan birga, u uch yil muqaddam demokratlar platformasidagi ActBlue dasturini qo‘llash uchun 15 dollar xayriya qilgan.

Amerika nashrlariga ko‘ra, suiqasd vaqtida Kruksning egnida Demolition Ranch logosi aks etgan futbolka bo‘lgan — bu yutubda milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan, qurollar va portlovchi moddalarga oid videolar e’lon qilinadigan kanaldir.

Huquq-tartibot organlari aniqlik kiritishicha, Tomas Kruks foydalangan qurol bir yarim yil muqaddam uning otasi tomonidan qonuniy yo‘l orqali sotib olingan.

Suiqasddan keyin go‘yoki Kruks respublikachilar va Trampni yomon ko‘rishini aytgan video keng tarqaldi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu feyk video bo‘lib, uni tashqi ko‘rinishi Kruksga o‘xshab ketadigan pranker e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay jewgazing nikli bu pranker videoni o‘chirib tashlagan.

Motivlar noma’lum

«Biz ayni vaqtda hali uning motivlarini aniqlamadik», — degan shanba kungi brifingda FQBning Pitsburgdagi bo‘limi rahbari Kevin Rodjyek.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv ishlari bir necha oyga cho‘zilishi mumkin va tergovchilar Kruksni nima Trampni otishga majbur qilganini aniqlash uchun kuchini ayamaydi.

Yakshanba kungi brifingda Rodjyek FQB xodimlari Kruksning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ham o‘rganayotganini aytdi.

«Hozircha biz hech qanday tahdidli narsa uchratmadik. Ammo hali ko‘p vaqt o‘tmadi», — degan Rodjyek.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Kruksning telefoni FQBning Virjiniyadagi laboratoriyasiga ekspertiza uchun yuborilgan, uning so‘nggi qo‘ng‘iroqlashuvlari bilan tanishib chiqish uning motivlari bo‘yicha hech qanday yangilik bermagan.

FQBda Kruksda qandaydir ruhiy muammolar bo‘lganiga oid ma’lumot ham yo‘q.

Tomasning otasi, Metyu Kruks CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida nima bo‘lganini umuman tushunmayotgani va matbuotchilar bilan o‘g‘li haqida gaplashishdan oldin huquq-tartibot organlari xodimlari bilan gaplashishi lozimligini aytgan.

Suiqasddan keyin, yakshanbaga o‘tar kechasi, politsiya Krukslar uyini va uning atrofidagi uylarni o‘rab olib, barcha qo‘shnilarni shoshilinch tarzda evakuatsiya qilgan. Mahalliy politsiya buni uyda portlovchi qurilma topilgani bilan izohlagan.

Mavzuga oid