Jahon | 07:39 / 16.07.2024
3911
4 daqiqa o‘qiladi

Florida sudi Trampning maxfiy hujjatlar bo‘yicha ishini yopdi

Donald Trampning hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ishi undagi maxsus prokuror noqonuniy tayinlangani sababli yopildi, deyiladi sud qarorida.

Foto: Mark Peterson / AFP / East News

Florida shtati sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ishni yopdi, deb xabar berdi Amerikaning CNN telekanali 15 iyul, dushanba kuni. Sudya Eylin Kennon fikricha, maxsus prokuror Jyek Smitni Trampni tergov qilish uchun tayinlash va ishini moliyalashtirish noqonuniy bo‘lgan.

2022 yil noyabr oyida AQSh Adliya vazirligi mamlakat sobiq prezidenti ustidan jinoiy tergovni nazorat qilish uchun mustaqil prokurorni tayinladi. AQSh bosh prokurori Merrik Garland Vashingtondagi matbuot anjumanida bu lavozimni ilgari Haagada bosh prokuror bo‘lib ishlagan va Kosovodagi urush jinoyatlarini tergov qilgan Jyek Smit egallashini ma’lum qildi. 

Sud Smitning tayinlanishini konstitutsiyaga zid deb topdi 

Eylin Kennon qaroriga ko‘ra, Smit prezident tomonidan ko‘rsatilmagan va uning nomzodi AQSh Senati tomonidan tasdiqlanmagan. Shunga ko‘ra, uning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasiga ziddir, deyiladi sud qarorida. Kennonni sudyalik lavozimiga Trampning o‘zi 2020 yilda, prezident bo‘lgan vaqtda taklif qilgan edi. 

Avvalroq Trampning himoyasi Jyek Smitga tergov o‘tkazish topshirig‘ini noqonuniy deb e’lon qilishni so‘ragan edi. Sud qarorini sharhlar ekan, AQSh sobiq prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Floridada unga qo‘yilgan «noqonuniy» ayblovlarning bekor qilinishi «birinchi qadam bo‘lishi kerak», deb yozdi.

Yashirin hujjatlar ishi

Donald Tramp davlat rahbari lavozimini tark etar ekan, milliy xavfsizlik ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan hujjatlarni noqonuniy saqlashda ayblangan. Ayblovning fikricha, sobiq prezident undan hujjatlarni tortib olishga uringan mansabdor shaxslarga yolg‘on gapirib, materiallarni shaxsan o‘zi qaytarib berish niyatida ekanligini aytib o‘tgan. Tramp o‘z aybini tan olmayapti.

Prokurorlar, shuningdek, Trampning Floridadagi mulkidagi ishchilardan biriga ham ayblov qo‘ydi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ushbu materiallarni qaytarib bermoqchi bo‘lgan mansabdor shaxslardan maxfiy hujjatlarni yashirishga yordam bergan. The New York Times gazetasining yozishicha, erkak videokuzatuv kameralari tasvirlarini o‘chirishga urinishda gumon qilinmoqda. 

Trampga qarshi boshqa ayblovlar 

Aprel oyi o‘rtalarida Nyu-Yorkda Donald Tramp aktrisa Stormi Denielsga pul o‘tkazmalarini yashirgani uchun ustidan sud boshlandi. Uning ta’kidlashicha, Tramp u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va 2016 yilda Deniels saylovoldi kampaniyasida bu haqda gapirmasligi uchun unga saylov fondlaridan 30 ming dollar to‘lagan. May oyi oxirida hakamlar hay’ati sobiq prezidentni barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor deb topdi. Ish bo‘yicha hukm 11 iyul kuni e’lon qilinishi kerak edi, biroq AQSh Oliy sudining sobiq prezidentlar daxlsizligi haqidagi qarori sabab sud majlisi qoldirildi. 

Tramp yana ikkita ish bo‘yicha ham ayblangan. Ular uning Jorjiyada 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinishi va bu ovoz berishda jarayon soxtalashtirilgani haqida ataylab yolg‘on tarqatishi bilan bog‘liq. Bu ishlar bo‘yicha sudlar noyabrdagi saylovlardan oldin boshlanadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. 

Hozirgi davlat rahbari va Trampning prezidentlik uchun kurashdagi raqibi Jo Bayden ham maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashda ayblanishi mumkin. Biroq, oxir-oqibat, maxsus prokuror Robert Xyor AQSh hozirgi prezidentini «yaxshi niyatli va xotirasi yomon keksa odam» deb atagan holda buni qilmaslikka qaror qildi. 

Mavzuga oid