Jahon | 12:45 / 17.07.2024
4677
3 daqiqa o‘qiladi

MH17 halokatiga 10 yil: YeI RFni javobgarlikni bo‘yniga olishga chaqirdi

MH17 halokatining 10 yilligi kuni Jozep Borrel Rossiyaning hech qanday dezinformatsiyasi e’tiborni samolyot urib tushirilishi bo‘yicha sud tomonidan aniqlangan faktlardan chalg‘itishi mumkin emasligini aytdi.

Foto: Anastasia Vlasova/EPA/dpa/picture alliance

«Malayziya avialiniyalari» aviakompaniyasining MH17 reysi Donbass uzra urib tushirilganining 10 yilligi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi yana bir bor Rossiyani fojia uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga va odil sudlovni amalga oshirishda to‘liq hamkorlik qilishga chaqirdi. Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning 16 iyul, seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi

2022 yilning noyabrida Haaga sudi uch kishini - rossiyalik Igor Girkin va Sergey Dubinskiy, Ukraina fuqarosi Leonid Xarchenkoni Malayziyaning Boeing 777 halokatiga aloqadorligi uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilganini eslatib, Borrel sud jarayonida taqdim etilgan dalillar «MH17 reysini urib tushirish uchun foydalanilgan «Buk» zenit-raketa majmuasi, shubhasiz, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlariga tegishli ekanligini aniq ko‘rsatmoqda», deb ta’kidladi. 

«Rossiyaning hech qanday dezinformatsion operatsiyasi e’tiborni sud tomonidan aniqlangan ushbu fundamental faktlardan chalg‘ita olmaydi», dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili bayonotida.

Ukraina osmonida halokatga uchragan Boeing 777 ishi bo‘yicha tergov

Malaysia Airlines aviakompaniyasining Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchgan MH17 reysi 2014 yil 17 iyul kuni Ukraina sharqida mamlakat qurolli kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida harbiy amaliyotlar olib borilayotgan hududda urib tushirilgan. Natijada 298 kishi halok bo‘ldi. 

Fojiadan keyin tuzilgan xalqaro qo‘shma tergov guruhi (JIT) ekspertlari samolyot rossiyaparast kuchlar nazorati ostidagi hududda joylashgan «Buk» tizimi tomonidan otilgan 9M38 seriyali raketasi bilan urib tushirilgan degan xulosaga keldi. Tergovchilar «Buk» Ukraina hududiga Kursk yaqinida joylashgan 53-Rossiya havo hujumidan mudofaa brigadasidan kirganiga va fojiadan ko‘p o‘tmay, chegara orqali Rossiya hududiga qaytarilganiga ishonchi komil. 

MH17 ishi bo‘yicha Haaga sudining qarori

2022 yil noyabrida Haaga okrug sudi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» sobiq «mudofaa vaziri» Igor Girkin (Strelkov), general-mayor Sergey Dubinskiy va Leonid Xarchenkoni fojiada aybdor deb topib, ularni sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, shuningdek, qurbonlarning qarindoshlariga jami 16 million yevro to‘lashni buyurdi.

Rossiya Haaga sudining MH17 ishi bo‘yicha chiqargan hukmini siyosiy asosli, deb atadi.

2023 yil fevralida JIT vakillari Rossiya rahbariyati MH17 urib tushirilishida ishtirok etganini va Ukrainaga havo hujumidan mudofaa vositalarini olib borishni ma’qullaganini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid