Jahon | 21:08 / 18.07.2024
4638
2 daqiqa o‘qiladi

Strelkov-Girkin hukmdan yarim yil o‘tib koloniyaga etap qilindi

Rossiyada ekstremistik faoliyatga chorlagani uchun sudlangan Igor Strelkov (Girkin) Kirov oblastidagi koloniyaga etap qilingan. Bu haqda uning rafiqasi Miroslava Reginskaya jurnalistlarga xabar bergan.

Foto: RIA Novosti

«Igor Strelkov Kirovo-Chepetsk shahridagi 5-raqamli axloq tuzatish koloniyasida bo‘lib turibdi», deya Reginskayadan iqtibos keltirmoqda TASS.

Moskva shahar sudi Strelkovni 25 yanvar kuni 4 yilga umumiy tartibli koloniyaga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqargan edi. Unga nisbatan Ukrainadagi urush kontekstida mamlakat harbiy rahbariyatini qattiq tanqid qilib, Telegram messenjerida ikkita post joylagani uchun jinoyat ishi ochilgan edi. May oyida apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

TASSning yozishicha, Kirovo-Chepetskdagi koloniya kuchishlatar tizimlarning sobiq xodimlari jazoni o‘tashi bilan mashhur. Strelkov FSBda xizmat qilgan.

Strelkovning advokati Aleksandr Moloxovning «Interfaks»ga ma’lum qilishicha, himoyachilar Strelkovdan koloniyada xabar olib, hukm ustidan Oliy sudning kassatsiya instansiyasiga shikoyat arizasi kiritmoqchi, shuningdek, mahkum muddatidan avval shartli ozod etilishiga erishmoqchi.

2022 yilning noyabrida Niderlandiya sudi Strelkovni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi. U va yana ikki kishi Donbassda urib tushirilgan Malayziya aviakompaniyasiga tegishli Boing-777 samolyoti halokatida aybdor deb topilgan. O‘shanda Strelkov Ukrainaga qarshi jang qilgan.

Ukrainada esa unga qarshi terrorizm, qotillik, qiynoq qo‘llash va davlat suverenitetiga daxl qilish moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid