O‘zbekiston | 19:01 / 23.07.2024
8481
3 daqiqa o‘qiladi

SSV soxta tabiblardan ogohlantirdi

Vazirlik mutaxassisi ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang iste’mol qilish foydali ekanini targ‘ib qiluvchi videolavhalar yuzasidan munosabat bildirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi insonlar sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar ko‘payayotgani haqida ogohlantirdi.

«Zamonaviy tibbiyot ilmiy asoslangan va klinik amaliyotda o‘z tasdig‘ini topgan natijalarga suyansa, xalq tabobati uzoq yillik kuzatuv, sinov va tajriba samaralariga tayanadi. 

Biroq so‘nggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar ko‘payayotgani achinarli», deyiladi xabarda.

Vazirlik qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov turli yo‘llar bilan odamlar ishonchiga kirib, shunday «xizmat»larni taklif qilib kelayotgan ayrim shaxslar haqida quyidagicha munosabat bildirdi:

«Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib qoldi, — deydi mutaxassis.  — Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz.

Turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yo‘l va uy sharoitida xalos bo‘lishni istaganlar «g‘ayritabiiy qobiliyatlarga egaligi»ni iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolishmoqda.

Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang iste’mol qilish foydali ekanini targ‘ib qiluvchi videolavhalar tarqaldi. 

Unda xalq tabobati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan «tabib» tomonidan odamlarni o‘z tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni iste’mol qilib ko‘rsatishi aks etgan.

Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu «davolash usuli» tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan.

Videodagi jonzot yer chuvalchangi yoki yomg‘ir chuvalchangi deb ataladi. U tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalq tabobati rivojiga keng yo‘l ochilganidan foydalanib, shaxsiy manfaat ilinjida soxta tavsiyalar bilan odamlarni aldash calbiy asoratlarni yuzaga keltirishini eslatib o‘tmoqchimiz.

Shu bois mazkur masala bo‘yicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda».

Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda 100 ta tadbirkorlik sub’yektiga xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalar berilgan.

Mavzuga oid