Rossiyalik blogerlarga urushni reklama qilish majburiyati yuklanishi mumkin
Rossiya blogerlar va agentliklar assotsiatsiyasi (ABA) kontent mualliflariga reklama hajmining 5 foizini ijtimoiy reklamalarga ajratish majburiyati to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Bunday reklamalarning bir qismi Ukrainadagi urush reklamasi bo‘lishi ham mumkin.
ABA hammuassisi Maksim Perlinning “Kommersant” nashriga so‘zlab berishicha, assotsiatsiya blogerlarning platformasidagi yillik reklama hajmining 5 foizini ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirishni taklif etmoqda. Bunday taklifini u RF Davlat dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy rahbarlik qilayotgan blogosferada qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida o‘rtaga tashlagan.
Ayni paytda bunday kvota davlat OAVlari uchun amalda. «Inflyuyenserlarga tegishli maydonchalarda ijtimoiy ahamiyatli va xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi foydali kontent miqdori oshadi», — deyishgan ABAdagilar nashrga. Assotsiatsiyadagilarning qayd etishicha, blogerlar iqtisodiy faoliyat umumrossiya tasnifida alohida kod olganidan so‘ng tashabbusni Davlat dumasiga olib kirish mumkin.
NMi Groupʼning raqamli texnologiyalar bo‘yicha direktori Anna Planinaning aytishicha, blogerlarda ijtimoiy reklama “insondan insonga” formatida berilishi sababli samaraliroq ishlaydi va bu “abadiy qadriyatlar va ma’naviy o‘lchovlarni translatsiya qilishda hammadan ham mos keladi”.
Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VsIOM) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning ijtimoiy reklamasidagi ikkida asosiy syujyet Ukrainadagi “maxsus harbiy amaliyot” va davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat.
So‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklarning 68 foizi bunday reklama kerak, degan fikrda. Bunga qarshi fikrni 22 foiz so‘ralganlar bildirgan. Bunday reklamaga zaruriyat borligini ayollarning 71 foizi, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 83 foizi, oliy va to‘liqsiz oliy ma’lumotga ega bo‘lganlarning 76 foizi, internetdan faol foydalanayotgan rossiyaliklarning 75 foizi yoqlagan.
So‘rovlarga ko‘ra, moddiy holati darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, ijtimoiy reklamaga tarafdorlik darajasi ham shu qadar yuqori bo‘lgan. Yaxshi xarid qobiliyatiga ega bo‘lgan rossiyaliklarning 70 foizi ijtimoiy reklamalarni qo‘llab-quvvatlagan.
2023 yilning oktyabrida bir guruh rossiyalik deputatlar “Reklama to‘g‘risida”gi federal qonunga ijtimoiy reklamalar ulushini yillik hajmga nisbatan 20 foizgacha oshirish to‘g‘risida o‘zgartirish kiritish taklifini ilgari surgan. Hujjatda qayd etilishicha, ijtimoiy reklamaning ta’sirchanligi uning soniga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.
Mavzuga oid
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
16:39 / 26.11.2024
Putin MDH va qo‘shni mintaqalarda vaziyatni beqarorlashtirishning oldini olishga chaqirdi
14:07 / 26.11.2024
2025 yilda O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilyapti
13:20 / 26.11.2024