Jahon | 18:40 / 25.07.2024
4325
3 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda dunyoda har o‘n birinchi kishi och qoldi - BMT

BMT ixtisoslashgan idoralari oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vaziyat yomonlashganini qayd etmoqda.

2023 yilda och odamlar soni taxminan 733 millionni tashkil etdi: dunyoda har 11 kishidan biri va Afrikada har beshinchi kishi.

Bu haqda BMT ixtisoslashgan agentliklari tomonidan chop etilgan «Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati» hisobotida aytiladi.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, dunyoda to‘yib ovqatlanmaslik ko‘lami 2008–2009 yillardagi darajaga qaytgan.

«Ba’zi sohalardagi ba’zi yutuqlarga qaramay, tashvishli darajada ko‘p odamlar oziq-ovqat tanqisligi va to‘yib ovqatlanmaslikka duch kelmoqda. Dunyoda och qolganlar soni ketma-ket uch yil kamaymayapti: 2023 yilda 713 milliondan 757 milliongacha odam to‘yib ovqatlanmadi, bu 2019 yilga nisbatan qariyb 152 million kishiga ko‘pdir», deyiladi hujjatda.

Afrikada och qolganlar ulushi o‘sishda davom etmoqda (20,4 foiz), Osiyoda o‘zgarishsiz qolgan (8,1 foiz), Lotin Amerikasida esa pasaymoqda (6,2 foiz).

2022–2023 yillarda G‘arbiy Osiyo, Karib dengizi va Afrikaning aksariyat subregionlarida ochlik kuchaygan.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD), Bolalar jamg‘armasi (UNICEF), BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ogohlantirmoqda: agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, 2030 yilda taxminan 582 million kishi surunkali kam ovqatlanishdan aziyat chekadi, ularning yarmi Afrikada yashaydi.

Hisobot mualliflarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab 2,33 milliardga yaqin odam o‘rtacha yoki og‘ir oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekkan. Ularning orasida 864 milliondan ortiq odam o‘tkir oziq-ovqat ta’minotisiz, ba’zan bir yoki bir necha kun oziq-ovqatsiz qolish sharoitida yashadi. Bu ko‘rsatkich 2020 yildan beri doimiy ravishda yuqoriligicha qolmoqda.

Dunyo aholisining uchdan biridan ko‘prog‘iga ta’sir qiladigan yana bir katta muammo - sog‘lom oziq-ovqat sotib olish bilan bog‘liq. 2022 yilda 2,8 milliarddan ortiq odam sog‘lom oziq-ovqat sotib olishga qodir emas.

Bu nomutanosiblik aholining 71,5 foizi sog‘lom ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kam daromadli mamlakatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, yuqori daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 6,3 foizni tashkil qiladi.

Dunyo bo‘ylab kam vaznli tug‘ilishning tarqalishi 15 foiz darajasida qolmoqda va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida rivojlanishning sekinlashuvi darajasi 22,3 foizgacha kamaygan bo‘lsa-da, hali ham belgilangan me’yordan yuqori. Biroq, bolalar o‘rtasida ochlikdan sillasi qurish darajasi deyarli o‘zgarmadi, 15-49 yoshdagi ayollar orasida kamqonlikning tarqalishi ortdi.

Mavzuga oid