Iqtisodiyot | 12:46 / 25.07.2024
5121
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgiladi. Ushbu qaror inflatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib qabul qilingan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘lgan va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaygan. Bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lgani bilan izohlanib, inflatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora beradi.

Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.

Joriy yildagi bazaviy inflatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar ta’sirining kutilganidan pastroq bo‘lishi hisobiga inflatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi (apreldagi prognoz 9-11 foiz edi) va 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

Mavzuga oid