Netanyahu AQShga Eronga qarshi harbiy ittifoq tuzishni taklif qildi
Binyamin Netanyahu AQShni Eronga qarshi turish uchun Isroil bilan harbiy ittifoq tuzishga chaqirdi. U Isroil G‘azo sektoridagi tinch aholini ataylab nishonga olgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShga Eron tahdidiga qarshi turish uchun o‘z mamlakati bilan harbiy ittifoq tuzishni taklif qildi. 24 iyul, chorshanba kuni AQSh Kongressida so‘zlagan Netanyahu, shuningdek, Vashingtonni Isroilga G‘azo sektoridagi HAMAS guruhini mag‘lub etishi uchun harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.
Netanyahuning aytishicha, Isroilning HAMASga qarshi urushi ikki sivilizatsiya o‘rtasidagi ziddiyat emas, balki «sivilizatsiya va vahshiylik o‘rtasidagi to‘qnashuv». Uning ta’kidlashicha, Isroil nafaqat o‘ziga, balki AQSh va arab dunyosiga ham tahdid solayotgan terrorizmga qarshi urush olib bormoqda. Shu bilan birga, Eron ham HAMAS, ham Livanning «Hizbulloh» guruhi va Yaman husiychilari ortida turibdi, dedi Isroil bosh vaziri. U Tehrondagi hukmron rejimni Yaqin Sharq va butun dunyo xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi.
Isroil bosh vaziri Falastin tarafdorlari namoyishlari ishtirokchilarini «eronparastlar» deb atadi. Bu namoyishchilarning ko‘pchiligi o‘zlari nima haqida gapirayotganini bilmaydi va turli shiorlarni ilgari surmoqdalar, deya ta’kidladi Binyamin Netanyahu.
Netanyahu: Isroil G‘azo sektoridagi tinch aholi bilan urishayotgani yo‘q
Isroil bosh vaziri Isroil zarbalari G‘azo sektoridagi tinch aholiga qaratilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Aksincha, Binyamin Netanyahu «Isroil armiyasi falastinlik tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun millionlab varaqalarni tashladi, millionlab SMS yubordi, yuz minglab telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirdi» dedi. Shu bilan birga, HAMAS Falastin tinch aholisini xavf ostiga qo‘yish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, jumladan ulardan «inson qalqoni» sifatida foydalandi, dedi Netanyahu.
«Agar G‘azo sektorida yetarlicha oziq-ovqat olmaydigan falastinliklar bo‘lsa, bu Isroil ularga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgani uchun emas, balki HAMAS uni talon-toroj qilgani uchundir», - deya ta’kidladi Isroil bosh vaziri.
XJS bosh prokurori Karim Xon 20 may kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant hamda HAMASning uch yetakchisi: Yahyo Sinvar, Muhammad Al-Masri va Ismoil Haniyani hibsga olish uchun order berishni talab qildi. Xonning so‘zlariga ko‘ra, ularning barchasi urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgardir.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
15:13
GFR Netanyahuni hibsga olishga berilgan order oqibatlarini o‘rganmoqda
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
17:37 / 21.11.2024