Jahon | 08:11 / 26.07.2024
16185
2 daqiqa o‘qiladi

Belgorod yaqinida Rossiya tanki avtomobilni bosib ketdi 

Belgorod viloyatining Berezovka qishlog‘ida Rossiya tanki «Niva» avtomobilini bosib ketdi. 73 yoshli haydovchi vafot etdi.

Foto: Russian Defence Ministry/dpa/picture alliance

Belgorod viloyatining Borisov tumani Berezovka qishlog‘ida Rossiya tanki «Niva» rusumli avtomashinani bosib ketdi. Mahalliy «Pepel» nashrining 25 iyul, payshanba kuni xabar berishicha, avtomashina haydovchisi avariya natijasida yurak xurujidan vafot etgan. Baza Telegram-kanalining yozishicha, qurbon - 73 yoshli haydovchi.

Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa 24 iyul, chorshanba kuni sodir bo‘lgan. «Pepel» nashrining yozishicha, tank «Niva» ustidan o‘tib ketgan, keyin esa, suratlarga qaraganda, mashinadan yuz metr narida to‘xtagan. Shu bilan birga, yengil avtomobil yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda asosiy yo‘l bo‘ylab harakatlangan, tank esa yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda unga yo‘l bermagan. Jurnalistlar guvohlarga tayanib, tank ekipajining «es-hushi joyida bo‘lmagan» deb xabar berishdi. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar hozircha hodisaga izoh bermagan.

Bu - tank bilan sodir bo‘lgan birinchi YTH emas

Joriy yilning iyun oyi boshida «Pepel» Belgorod viloyati Grayvoron tumanida rus tanki avtomashinani bosib, voqea joyidan qochishga uringani haqida yozgan edi. Berezovkadagi voqeada bo‘lgani kabi, avtomashina haydovchisi halok bo‘lgan. Jurnalistlar voqea guvohlariga tayanib, tankdagi askarlar mast bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Keyinchalik Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida undan ushbu baxtsiz hodisa haqida so‘ragan foydalanuvchini bloklab qo‘ydi.

Mavzuga oid