Jahon | 08:45 / 27.07.2024
4734
3 daqiqa o‘qiladi

500 ga yaqin kompaniya AQShning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘ldi

2022 yil fevralidan 2024 yil iyun oyi oxirigacha 57 davlatning 494 kompaniyasi AQShning ushbu sanksiyalariga duchor bo‘ldi, deb yozadi «Vedomosti» Rossiya xalqaro ishlar kengashi direktori ma’lumotlariga tayanib.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan keyin va 2024 yilning birinchi yarmi oxirigacha 57 mamlakatdan 494 ta kompaniya AQSh tomonidan ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘ldi. Bu haqda 26 iyul, juma kuni «Vedomosti» gazetasi Rossiya xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi (RXIK) direktori Ivan Timofeyev ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Nashr ta’kidlaganidek, ikkilamchi sanksiyalar holatlari yarmidan ko‘pi AQSh Moliya vazirligining eksport nazorati ostidagi elektronika va sanoat tovarlari hamda uskunalarini yetkazib berish bilan bog‘liq. Ikkinchi sabab - kompaniyaning ilgari sanksiyalar qo‘llangan jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan aloqasi: jamg‘armalar, trastlar, holding yoki boshqaruv kompaniyalari. Shuningdek, dastlabki beshta sabab orasida logistika kompaniyalari va mudofaa sohasida hamkorlik qilish holatlari, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini yetkazib berish bor.

Ikkilamchi sanksiyalar obektlarining geografiyasi

«Kompaniyalarning aksariyati Moskvaga nisbatan cheklovlar kiritmagan «do‘stona» mamlakatlarga tegishli», deb yozadi «Vedomosti». Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ularning sanksiyalangan shaxslar ro‘yxatidagi ulushi 378 ta yuridik shaxs yoki 76,5 foizni tashkil etadi. Qolgan 116 ta «zarar ko‘rgan yuridik shaxslar» «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlarda yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘ygan davlatlarda ro‘yxatga olingan. Rossiya «do‘st bo‘lmagan»lar ro‘yxatiga Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati, Britaniya, Shveytsariya, Norvegiya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa nisbatan kichik mamlakatlarni kiritgan.

Ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lgan kompaniyalarning aksariyati Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Kipr va Shveytsariyadan. Shu bilan birga, sobiq SSSR mamlakatlari orasida bunday yuridik shaxslar unchalik ko‘p emas: masalan, Qirg‘izistonda 10 ta kompaniya, Moldovada - 8, Belarusda - 7, Qozog‘istonda - 4, Armanistonda - 3, Ozarboyjonda - 2, Gurjiston va Tojikistonda - bitta. Shunisi e’tiborga loyiqki, Rossiya bilan savdo aylanmasi muntazam o‘sib borayotgan «do‘stona» Hindistonda AQShning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lgan faqat ikkita kompaniya ro‘yxatga olingan.

AQSh Rossiya va boshqa mamlakatlardagi 300 ta firmaga qarshi sanksiyalar kiritdi

Qo‘shma Shtatlar 12 iyun kuni Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Moskvaga joriy qilingan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan yana 33 kishi, 300 ga yaqin kompaniya va tashkilotlar qora ro‘yxatga kiritilgan. Cheklovlarga duchor bo‘lgan yuridik shaxslar orasida Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bolgariya, Serbiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus va Britaniya Virjiniya orollari kompaniyalari bor, deyiladi AQSh Moliya vazirligi xabarida.

Mavzuga oid