Rossiya–Ukraina urushi: Yevropa harbiy alyans tuzmoqchi, Xitoy faollashdi
Yevropa Ittifoqi o‘zining mudofaa tashkilotini tuzmoqchi, bu NATOga ishonchsizlik va Trampning ehtimoliy prezidentligiga tayyorgarlikmi? Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha Xitoyning faollashgani nimani o‘zgartiradi? “Geosiyosat”da tahlilchilar Rossiya–Ukraina urushi atrofidagi so‘nggi voqeliklar haqida so‘z yuritadi.
Suhbatdoshlarimiz – Kamoliddin Rabbimov, Oybek Sirojov, Shuhrat Rasul va Abduvali Soyibnazarov.
— Yevropa Ittifoqining o‘z yaxlit mudofaa tashkilotini tuzish rejasi NATOga ishonchsizlikmi yoki buning boshqa sabablari bormi?
Oybek Sirojov: Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen o‘zining saylovoldi dasturida Yevropa Ittifoqini Yevropa Harbiy Ittifoqiga aylantirish masalasini ko‘tardi va keyingi 5 yil ichida shunga asosiy urg‘u berish kerakligini qayd etdi. U 2019-2020 yillarda harbiy sohaga ajratilayotgan sarmoya Yevropada 20 foizga oshgan bo‘lsa, Rossiya va Xitoyda 300, 600 foizga oshganiga e’tibor qaratdi.
Buni saylov oldidan qilingan piar deb hisoblash mumkin, chunki ittifoqni harbiy tashkilotga aylantirish juda murakkab masala. Birinchidan, bu loyihani amalga oshirish uchun iqtisodiy imkoniyati yetmaydigan Yevropa davlatlari bor, ular harbiy xarajatlarini oshirish uchun ba’zi ijtimoiy loyihalardan voz kechishi to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, tarixdan ma’lumki, 1951 yillarda Yevropa Po‘lat va Ko‘mir Uyushmasi shakllantirilib, Yevropa Ittifoqi tomon qadam tashlanishidan oldin mintaqada harbiy bloklar mavjud bo‘lgan, “Antanta”, “Uchlar Ittifoqi” singari, lekin bular Yevropa taraqqiyoti uchun emas, kuchlarning bo‘linishiga, yangi urush o‘choqlarini kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Uchinchidan, masalaga harbiy tomondan yondashsak, u yerda yagona harbiy mudofaa tizimini shakllantirish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunda Yevropaning qudratli davlatlari o‘zining harbiy qurol-yarog‘larini umumiy tizimga ko‘proq joriy etishga urinishi, shu asnoda raqobat va bo‘linish yuzaga kelishi mumkin.
To‘rtinchidan, bu masala olimlar tomonidan ham tahlil qilingan bo‘lib, Yevropada NATOga muqobil qandaydir tashkilot tuziladigan bo‘lsa, bu Yevropaning halokatiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi. Yevropa davlatlarining eng katta yutuqlaridan biri bu – NATOga a’zolik. Hatto kam sonli aholiga ega Latva ham NATOning himoyasi ostida o‘zini xavfsiz his qilmoqda. Bugun NATOga muqobil yangi tashkilotning tuzilishi Yevropa uchun yangi muammolarni tug‘diradi.
Shuhrat Rasul: Men bu harakatni shunchaki shov-shuv uchun qilinayotgan ishlar deb hisoblamayman. Yevropaning xavfsizlik masalasini ikki qismga bo‘lishimiz mumkin, Varshava shartnomasi mavjud davrlarda harbiy mas’uliyat barcha Yevropa davlatlariga teng bo‘lingan edi. Sharqiy blok qulagandan keyin, Yevropa davlatlari ma’lum bir davr mobaynida xotirjamlikda yashadi. Rossiya real xavf sifatida ko‘rilmadi va bularning hammasi 2014 yildan o‘zgara boshladi. Qrim anneksiyasidan keyin xavotirlar boshlandi, yangi qo‘shimcha bosimlar paydo bo‘ldi. Bu bosimlarga bardosh berish uchun NATOning konsolidatsiyasi kerak edi, lekin bu konsolidatsiyaga darz ketdi: Tramp kelib aytdiki, sizlar 20-25 yildan beri yayrab yashadilaring, mudofaa bilan ishlaring bo‘lmadi, mana masalan Germaniya, 85 million aholisi bor, lekin armiyasi bor-yo‘g‘i 150-160 ming. Endi xavfsizligingizni biz bilan bo‘lishasiz, ya’ni pulini to‘laysiz, dedi Tramp. 2017 yilda Germaniyada Merkel bilan muzokaralarda AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish haqidagi dag‘dag‘alarini eslashimiz mumkin.
Trampning talablariga Yevropa davlatlari qarshilik ko‘rsatdi, chunki ular o‘z budjetidan harbiy soha uchun qo‘shimcha pul ajratishni xohlamayotgan edi, Amerikaning soyaboni ostida yashayveramiz deb o‘ylashayotgandi. Hozir esa Germaniyada Shols, Fransiyada Makron va boshqalar Yevropaning o‘zining qalqoni bo‘lishi kerakligini tushunib yetdi va Yevropaning siyosiy integratsiyasi hosilasi sifatida harbiy integratsiya kun tartibiga chiqyapti. Yevroittifoqda birinchi marta harbiy ishlar komissari tayinlandi, bu boshqacha aytganda mudofaa vaziri degani. Budjet ham karrasiga ko‘payib, umumiy 30 ming kishilik Yevroittifoq chegara qo‘shinlarini tuzishga kelishib olindi. Bu hali 30 ming kishidan kengaytiriladi. Umuman, hozir Yevropada umumiy armiyaning karkasi shakllantirilyapti.
Kamoliddin Rabbimov: Har doim NATOning ichkarisida ikkita guruh bo‘lgan. Birinchisi – amerikaparast davlatlar, ikkinchisi – Germaniya va Fransiya kabi imkon qadar NATOdan masofa saqlash kerak degan fikrdagi davlatlar. NATOning ichkarisida harbiy operatsiyalar shtabi bor, mana shu strukturadan Fransiyaning chiqib ketgan holatlari ham bo‘lgan. Ya’ni Fransiyaning Amerikaga ishonmaslik tushunchasi bu tashqi siyosatdagi asosiy pozitsiyalardan biridir. Germaniya esa Yevropa Ittifoqidagi davlatlar orasida eng boyi bo‘lgani uchun Amerikadan mustaqil bo‘lishga harakat qilib kelgan. Agar yodingizda bo‘lsa, bundan bir necha yillar oldin Fransiya prezidenti Makron Turkiya bilan ziddiyatlar fonida, “NATO allaqachon komada” deb ta’kidlagandi. NATOning ichida aniq bir pozitsiya yo‘qligini ko‘plab Yevropa davlatlari aytib kelmoqda.
Yevropa Ittifoqi liderlari Yevropa o‘zining mudofaa tizimini shakllantirishi kerak deganda, ikkita holatni nazarda tutadi: birinchisi – AQShda Trampning hokimiyatga kelishi ehtimoli, ikkinchisi – Rossiyaning agressivlashib borayotgani. Ammo Tramp yana hokimiyatga keladigan bo‘lsa, NATOdan chiqib ketishini ta’kidlagan edi. Bu ish sodir bo‘lishining oldini olish uchun Amerika Kongressi qaror qabul qildiki, Amerika prezidentining irodasi bilan xalqaro tashkilotlardan chiqib ketish mumkin emas, prezident shunday tashabbus bilan chiqadigan bo‘lsa ham kongress ovoz bersa va ko‘pchilikning tashabbusi bilan buni amalga oshirish mumkin degan qonuniy qaror qabul qilindi. Ammo Tramp boshqacha pozitsiyaga o‘tdi, agar NATOga belgilangan summa davlatlar tomonidan belgilanmas ekan, Amerika ularni himoya qilmaydi dedi. Va uning bu pozitsiyasi bugungi kunda saqlanib turibdi.
Keyingi 3 yil ichida Yevropa Ittifoqining tafakkuri kardinal o‘zgardi. 3 yil avval Rossiya tahdidi bu ritorika edi, uning realligi amaliyotda anglab yetilmagandi. Endi esa Yevropa davlatlarining ko‘pchiligi qattiq qurollanish pozitsiyasiga o‘tmoqda. Sovet Ittifoqi qulagandan keyin harbiy sanoatga kiritiladigan budjet miqdori juda pasayib ketgandi, oxirgi bir yarim yilda esa Yevropa to‘liq qurollanishni boshladi.
Ekspertlar sharhi bilan to‘liq holda video orqali tanishing.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
02:02
Kanada Mudofaa vazirligi Xitoyni Arktikada razvedka ma’lumotlarini to‘plashda aybladi
22:37 / 23.11.2024
Politico: Xitoy iqlim siyosati poygasida AQSh va YeIdan o‘zib ketdi
08:30 / 23.11.2024
Boltiqbo‘yi davlatlari NATOdagi ittifoqchilarini Kiyevga yordamni kuchaytirishga chaqirdi
21:00 / 21.11.2024