Jahon | 08:01 / 30.07.2024
1514
4 daqiqa o‘qiladi

Duma blogerlarni o‘zi haqida RKNga hisobot berishga majburlashni taklif qildi

Davlat dumasi qo‘mitasi o‘n ming blogerdan Roskomnadzorga o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinishi mumkin bo‘lgan tuzatishni ma’qulladi. Bu Telegram-kanallarga ham tegishli.

Foto: iStock

Rossiya Davlat Dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi 29 iyul, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 10 ming va undan ortiq obunachisi bo‘lgan blogerlardan o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni Roskomnadzorga taqdim etish va «taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatmaslik» talab qilinishi mumkin bo‘lgan tuzatishni ma’qulladi. Bu haqda qo‘mita rahbari Aleksandr Xinshteyn ma’lum qildi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritilmoqda, u ikkinchi o‘qishga tayyorlandi. 

«Ularning ko‘pchiligi (yirik bloglar va Telegram-kanallar) allaqachon ta’sir darajasi bo‘yicha an’anaviy ommaviy axborot vositalaridan oshib ketgan, biroq egalari tarqatilayotgan ma’lumotlar, jumladan, feyklar uchun deyarli hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi», — deya Xinshteyn o‘zgarishlarni shunday asosladi. «Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, identifikatsiyasiz kanallarni blokirovka qilish haqida gap ketmayapti, - deya qo‘shimcha qildi u. - Ammo bunday «anonimlar» reklama joylashtira olmaydi va donat yig‘a olmaydi, ularning postlarini boshqa kanallar qayta joylashtirmaydi». 

Avvalroq «Interfaks» agentligi qo‘mitadagi manbaga tayanib, o‘zgartirishga ko‘ra, agar ming nafar obunachisi bo‘lgan bloger o‘zi haqidagi ma’lumotlarni RKNga taqdim etmasa, davlat uning blogi yoki kanalini resursdan bloklashni talab qilishini bildirgandi.

29 iyul kuni Duma IT qo‘mitasining o‘sha yig‘ilishida yana bir nechta tuzatishlar muhokama qilindi. Ulardan biri Bosh prokuraturaga tresh-strimlarni sudgacha blokirovka qilish huquqini beradi. Boshqasiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish vazirligi aloqa operatorlaridan abonentlarning shaxsiy ma’lumotlarini talab qilish va ularni Xinshteyn aytganidek, «davlat axborot tizimi»ga yuklash huquqini oladi. 

Duma Instagram va Facebook’da reklamani taqiqlamoqchi

21 iyun kuni Rossiya parlamentiga mamlakatda «ekstremistik» va «nomaqbul» deb e’lon qilingan tashkilotlarning resurslari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida bloklangan saytlar va manbalarda reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasi kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Taklif bir guruh deputatlar va senatorlar, jumladan, Aleksandr Xinshteyn, Andrey Lugovoy va Andrey Klishas tomonidan bildirilgan. 

Qonun loyihasi mualliflarining tushuntirishicha, «noqonuniy axborot resurslari» reklamadan daromad olishda davom etmoqda va shu bilan birga «Rossiya manfaatlariga qarshi provokatsion harakatlar va dushmanlik harakatlari» amalga oshirilmoqda. Ular orasiga, xususan, 2022 yil martida, Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy hujumdan so‘ng Rossiyada bloklangan Facebook va Instagram kabi resurslar kiradi. Moskva sudi ushbu ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasini «ekstremistik tashkilot» deb topdi. 

2024 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin «chet el agentlari» resurslarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. 

Mavzuga oid