Jamiyat | 19:52 / 04.08.2024
28093
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 3 yoshli bog‘cha bolasining o‘limiga sababchi bo‘lganlarga hukm o‘qildi

Jinoyat ishida jami uch kishi ayblangan.

Foto: t.me/zamon_lavhalar

Fevral oyida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi oilaviy bog‘chada qarovsiz qolgan 3 yoshli qiz ariqqa tushib ketib, vafot etgandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, holatga sababchi bo‘lganlar jazoga tortildi.

2024 yil 15 fevralida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 3 nafar tarbiyalanuvchisi nazoratsiz qolishi oqibatida bog‘cha hovlisidan chiqib ketgan. So‘ngra ulardan biri taxminan 1 km uzoqlikdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidan oqib o‘tuvchi ariqdagi suvdan o‘lik holda topilgan.

Qolgan ikki bola esa sog‘lom holda oila davrasiga qaytarilgan. Bolalar tashkilotga qatnovchi bolalar ro‘yxatiga kiritilmagan, ya’ni noqonuniy tartibda qatnagan. Sobiq Maktabgacha ta’lim agentligining aniqlik kiritishicha, mazkur bog‘cha faoliyati tugatilgan.

Jinoyat ishida jami uch kishi – 31 yoshli bog‘cha direktori F.M., 31 yoshli tarbiyachi D.T. va 49 yoshli tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i A.O‘. ayblangan.

SES rahbari tashkilot uchun ajratilgan xonalar belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyeniya normativlariga mos kelmasligini bila turib, ularning jihozlanishi talablarga mos tashkil etilgani to‘g‘risida sohta ma’lumotlar kiritgan hamda bog‘chaning faoliyat ko‘rsatishiga qarshilik bildirmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumani sudi hukmiga ko‘ra:

Direktor F.M. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lsa) va 167-moddasi 2-qismi «g» bandida (Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga 3 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash hukuqidan mahrum etish va 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;

Tarbiyachi D.T. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash hukuqidan mahrum etish va 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;

Boshqarma boshlig‘i A.O‘. Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish va 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid