Jahon | 18:50 / 05.08.2024
1986
3 daqiqa o‘qiladi

Florida sohillariga «Debbi» to‘foni yopirildi

To‘fonning sekinlik bilan kuchayib borishi rekord darajadagi yog‘ingarchilikni, oqibatda esa AQSh janubi-sharqida suv toshqinlarini yuzaga keltirishi mumkin.

Foto: Reuters

Meksika ko‘rfazining Florida bilan chegaradosh hududlariga halokatli suv toshqinini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgn «Debbi» to‘foni yopirildi. To‘fonlarni kuzatish milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 4 avgust kuni kechasi to‘fon darajasi birinchi toifaga qadar kuchaygan va 5 avgust tongida Steynxatchi hududiga yetib kelgan.

Prognozlarga ko‘ra, to‘fon sekin-astalik bilan shtat bo‘ylab harakatlanadi, shamol tezligi soatiga 80 milni (128 kilometr), shimol tomonda esa yog‘ingarchilik 30 dyuymni (76 santimetr) tashkil etmoqda. Hisob bo‘yicha mavsumning to‘rtinchi to‘foni Jorjiya va Janubiy Karolinani ham suv ostida qoldiradi.

To‘fonlarni kuzatish milliy markazi direktori o‘rinbosari Jyeymi Roumining so‘zlariga ta’kidlashicha, to‘fonning sekinlik bilan kuchayib borishi rekord darajadagi yog‘ingarchilikni yuzaga keltiradi.

Hozirda to‘fonning kuchli shamollari Florida aholisiga ta’sir ko‘rsatmoqda: PowerOutage ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 204 mingga yaqin xonadon va korxonalar elektr energiyasisiz qolgan. «Debbi» Floridani kesib o‘tish paytida keskin sekinlashadi, chunki uni yo‘naltirayotgan shamol oqimi atmosferada deyarli yo‘qolib ketadi. Natijada to‘fon tropik shamol ko‘rinishida Atlantika uzra aylanib yuradi.

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli qator hududlarda suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi aytilmoqda. To‘fon yaqinlashishi arafasida Florida gubernatori Ron Desantis shtatdagi 67 ta okrugdan 61 tasida favqulodda holat e’lon qildi. Shuningdek, u boshqa shtatlardagi kommunal xizmatlar brigadalari ham to‘fondan keyin elektr energiyasini qayta tiklashga yordam berishga tayyorligini aytdi.

Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi prognozlarida keltirilishicha, 2024 yil davomida 25 tagacha kuchli shamol kuzatilishi mumkin. Ularning 13 tasida esa to‘fonga aylanish xavfi mavjud. Taxminlarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi shu kabi sekin harakatlanadigan to‘fonlarning paydo bo‘lish ehmolini oshirmoqda.

Mavzuga oid