Jahon | 08:29 / 06.08.2024
1197
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Belarusning 28 fuqarosiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Xususan, BelTA davlat agentligi bosh direktori va Lukashenkoning matbuot xizmati sobiq rahbari Yevropa Ittifoqi cheklov choralariga duchor bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi kengashi Belarusda 28 kishiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 5 avgust, dushanba kuni Kengash matbuot xizmati xabar berdi.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning «uzoq yillik tarafdorlari guruhi» cheklov choralari ostida qoldi. Ular orasida BelTA davlat agentligi bosh direktori Irina Akulovich, Milliy assambleyadagi Yoshlar kengashi raisi Nikita Rachilovskiy va Lukashenko matbuot xizmatining sobiq rahbari Dmitriy Juk bor.

«Ushbu rejim targ‘ibotchilari Belarus jamoatchiligini ataylab yolg‘on ma’lumotlar bilan ta’minlashgan, Belarus va Rossiya hukumati tomonidan tayyorlangan dezinformatsiyalarni tarqatgan, demokratik muxolifat va fuqarolik jamiyatiga nisbatan nafrat uyg‘otgan», - deya hisoblaydi Bryussel.

IIV va sud tizimi vakillari - sanksiya ostida

Shuningdek, ro‘yxatga Belarus Ichki ishlar vazirligining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘ining ikki o‘rinbosari va «siyosiy sabablarga ko‘ra hukm chiqargan» bir qator sud-huquq tizimi vakillari ham bor», deyiladi bayonotda. Bundan tashqari, ayrim turma va tergov hibsxonalari rahbarlariga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilgan. Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi Belarusda siyosiy ta’qiblar uchun mas’ul bo‘lgan asosiy organlardan biri hisoblanadi, deb eslatadi Yevropa Ittifoqi.

Ro‘yxatdagilarning aktivlari muzlatilgan, Yevropa Ittifoqi fuqarolari va kompaniyalariga ular bilan ishlash taqiqlanadi. Jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqiga kirishi man etiladi.

Sanksiyalar 2020 yilgi saylovlar to‘rt yilligi arafasida kiritildi

Jazo choralari 2020 yil avgust oyida Belarusda soxtalashtirilgan prezidentlik saylovlarining to‘rt yilligi arafasida joriy qilingan. 

29 iyun kuni YeI kengashi Minskka qarshi sanksiyalarni kuchaytirgan edi. Cheklovlar Rossiya Federatsiyasiga nisbatan amalda bo‘lgan bir qator cheklovchi choralarni takrorlab, Rossiya va Belarus iqtisodiyotlarining yuqori darajada integratsiyalashuvi bilan bog‘liq sanksiyalarni chetlab o‘tish muammosini hal qildi. 

Bungacha, 24 iyun kuni Belarus Germaniya fuqarosi Riko K.ni o‘limga hukm qilgan edi. Minsk hukumati uni «terrorchilik akti va yollanma faoliyatga tayyorgarlik»da aybdor deb topdi. Keyinchalik, 30 iyulda Riko K. afv etildi hamda Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi yirik mahbuslar almashinuvining bir qismiga aylandi. 

Mavzuga oid