O‘zbekiston | 19:01 / 07.08.2024
8877
6 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasi bo‘yicha yangi billing tizimini ishga tushirish nega kechikmoqda?

“Hududiy elektr tarmoqlari” 1 avgustdan e’tiboran elektr energiyasini hisoblash bo‘yicha yangi billing tizimi ishga tushishini aytgandi. Lekin tizim hali ishga tushmadi. Iste’molchi kabineti bir haftadan beri deyarli ishlamayapti. Kompaniya matbuot kotibining Kun.uz'ga izohlashicha, kechikish – ma’lumotlarni qayta tekshiruvdan o‘tkazish jarayoni ko‘p vaqt olayotgani bilan bog‘liq.

Foto: Kun.uz

Iyul oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev jurnalistlarga joriy yilning 1 avgustidan O‘zbekistonda elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi joriy etilishini ma’lum qilgandi.

Hozirda korxona iste’molchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hisobi 2012 yilda joriy qilingan billing to‘lov tizimi asosida yuritiladi.

“Bizga zamonaviy billing tizimi kerak edi, 2022 yilning oxirida yangi tizim bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Joriy yilning 1 avgustidan butun mamlakatda mazkur tizim yangilanadi. Hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan ”, – degandi G‘aybullayev.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ saytidagi iste’molchi kabineti avgust oyi boshidan beri ishlamayapti.

Kompaniya dastlab yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 2024 yil 31 iyul soat 23:50dan 5 avgust soat 22:00gacha ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib borilishini ma’lum qildi.

“Mazkur vaqt oralig‘ida elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar bo‘lishi, shu bilan birga iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida ayni muddatda qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmasligini eslatib o‘tamiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Lekin 6-7 avgust kunlari ham shaxsiy kabinet ishlamadi. 7 avgust soat 17:00 holatiga ko‘ra, shaxsiy kabinetdan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Saytga kirgan odam quyidagicha e’longa duch keladi:

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan hozirda DKni sozlash bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani va shu munosabat bilan 2024 yil 7 avgustgacha Respublika bo‘yicha Iste’molchi kabinetida aktual ma’lumotlar bosqichma bosqich ko‘rinishi ma’lum qilinadi”.

Nega yangi billing tizimini ishga tushirish kechikyapti?

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Tahririyatga ma’lum qilinishicha, yangi billing tizimini ishga tushirish jarayoni murakkabligi tufayli kechikyapti.

“8 millionta iste’molchimiz bor, ularning yillik ko‘rsatkichlari yangi billing tizimiga ko‘chirib o‘tkazilyapti. Bu oddiy gap emas, oson emas. Ma’lumotlarni qayta-qayta tekshirish biz uchun foydadan xoli emas. Buni joy-joyiga qo‘yib qo‘yish bizning vazifamiz, ertaga biz buning uchun javobgar bo‘lamiz. Iste’molchilarning ma’lumotlarini 2-3 marta qayta tekshiruvdan o‘tkazib, balansni qayta ochmoqchimiz. Boshqa narsalarni ochib qo‘ydik, to‘lovni amalga oshirish imkoniyati, notarius ma’lumotlarini 5 avgustda ochdik. Hozir iste’molchilar uchun yagona noqulaylik balansni ko‘rolmaslik bo‘lib qolyapti. Ma’lumotlarni ko‘chirish vaqt olyapti, bu ish bizga oson bo‘lmayapti”, – dedi kompaniya matbuot kotibi Fahriddin Nuraliyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, 7 avgust kuni kechgacha shaxsiy kabinet to‘liq ishga tushiriladi.

Yangi billing tizimida nimalar bo‘ladi?

Kompaniya matbuot kotibi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, eski tizimda cheklangan ma’lumotlar, xususan, abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari hamda hisobraqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi billing tizimidan iste’molchilarning kadastr ma’lumotlaridan tortib, barcha hisobraqamlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar mavjud bo‘ladi.

Dastur eng zamonaviy server qurilmalar bilan jihozlanib, ishlash va ma’lumot olish imkoniyatlari yanada kengaytirilgan. Ham tizim xodimlari, ham foydalanuvchilar uchun foydalanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan. Masalan, abonent bevosita o‘zi iste’mol qilgan elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lov ma’lumotlari, kunlik elektr energiya iste’moli va boshqa har qanday ma’lumotni onlayn tarzda kuzatib borishi mumkin.

“Bu imkoniyatlarning bir qismi avval ham bo‘lgan, ammo ma’lumotlarni olish uchun mobil ilova mavjud emasdi. Yangilangan tizim bilan birga, mobil ilova ham ishga tushirildi. Uni istalgan kishi mobil qurilmasi orqali yuklab olishi mumkin. Mavjud shaxsiy kabinet ham yanada takomillashtirilgan. Koll-markazlarida esa qayta aloqa tizimi ishga tushirildi”, – deyiladi kompaniya izohida.

Qo‘shimcha qilinishicha, yangi dasturni qo‘llash bevosita “aqlli” hisoblagichlar bilan bog‘liq. Shu bois, avvaliga mavjud elektr energiyasi iste’molchilarini “aqlli” hisoblagichlar bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 100 foizga yetkazilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu nisbiy raqam bo‘lib, mamlakatda to‘liq shunday hisoblagichlar o‘rnatildi, deb bo‘lmaydi. Boisi, aholi, uy-joy qurilishi, ishlab chiqarish va boshqalarning ortishi hisobiga yillik o‘sish 2 foizni tashkil etadi, demak, “aqlli” hisoblagichlar bilan ta’minlash davom etadi.

Mavzuga oid