Sport | 18:40 / 08.08.2024
9588
5 daqiqa o‘qiladi

Olimpiadada asr voqeasi: Kubalik gigant hech kim qilolmagan ishni uddaladi

Foto: Getty Images

Parij-2024 Olimpiadasida musobaqa tarixidagi eng katta voqeliklardan biri kuzatildi. 20 yildan buyon Olimpiadalarda kurashayotgan kubalik afsona Mixain Lopes 5 karra Olimpiya o‘yinlari chempioniga aylandi. Tasavvur qiling, u 16 yil davomida Olimpiadada bitta ham xato qilgani yo‘q. 41 yoshli gigant faoliyatining so‘nggi daqiqalarida kurashchilar keyingi yuz yillar davomida ham erishishi ulkan mashaqqat bo‘lgan natijaga erishdi.

Foto: Getty Images

Yunon-rum kurashi bo‘yicha 130 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi finalda Lopes chililik Yasmani Akostani 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Kubalik sportchi Pekin-2008 va London-2012 120 kg vaznda, Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024da esa 130 kg vaznda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Afsonaviy sportchi individual ko‘rinishda ketma-ket 5ta yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan tarixdagi birinchi sportchi bo‘ldi.

Mixain Lopes ilk marta Olimpiadada 2004 yilda qatnashgan. Oradan 20 yil o‘tib, afsona sarguzashtini 5ta Olimpiya o‘yinlari oltin medali bilan yakunlamoqda. U so‘nggi bellashuvida raqibi ustidan 6:0 hisobida g‘olib bo‘ldi va bu uning Olimpiadalardagi ishtirokiga mos natija edi. Ammo ramziylik shu bilan tugamadi – u poyabzalini yechib, gilamda qoldirdi va shonli faoliyatini qarsaklar ostida yakunladi.

Foto: Getty Images

Mixain Lopes bundan 3 yil avval, Tokiodagi Olimpiadadayoq 4-oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixdagi eng sovrindor kurashchiga aylangandi. U 2021 yilda bu borada rekordchi bo‘lgan Aleksandr Karelinni ortda qoldirgan.

Lopes hozirda 41 yoshda, ammo u faoliyatidagi 6-Olimpiadada qanday tayyorgarlik ko‘rgani va barchasini qay darajada chiroyli tugatgani istalgan sportchi uchun shunchaki orzu, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu professionallikdan ham yuqoriroq daraja.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik, Lopesning Olimpiadalardagi 5ta oltin medali nega afsonaviy natija deyishi mumkin. Har holda boshqa sport turlarida o‘z hisobiga 6, 7ta oltinni qo‘shib qo‘ygan sportchilar ham bor.

Gap shundaki, kurashchilarda gimnastlar, suzuvchilar va eshkakchilardan farqli ravishda har to‘rt yillikning eng katta sport turnirida faqat bitta oltin yutish imkoniyati bo‘ladi. Afsonaviy kubalik esa bu imkoniyatdan barchadan ko‘ra yaxshiroq foydalana oldi. Tasavvur qiling, Mixain 16 yil ichida bitta ham xatoga yo‘l qo‘ymadi va biror marta ham chiqishini boy bermagan.

Ha, 20 yil davomida bu og‘ir vaznli afsonaning Olimpiadadagi har bir bahsini kuzatib, uning ajoyib harakatlaridan lol qolgan, g‘alabalaridan quvongan kurash ishqibozlariga endi oson bo‘lmaydi. Bu pahlavonni endi har qancha izlasak-da, gilam ustida ko‘rmaymiz.

Futbol ishqibozlari yaxshiroq his qilishi uchun, 41 yoshli kurashchining faoliyatini 39 yoshli Ronaldu bilan qiyoslash mumkin. Mixain Lopes o‘zi uchun ilk Olimpiada sanalgan 2004 yilgi turnirda medalsiz qoladi – Krishtianu Yevro-2004 finalida yutqazganidek. Keyingi 20 yillik davrda esa Mixain o‘z yo‘nalishida barcha rekordlarni yangilab, 5 karra Olimpiada chempioniga aylandi – Ronaldu so‘nggi 20 yil ichida 5ta «Oltin to‘p»ni yutgani kabi. Futbol ishqibozlari portugaliyalik faoliyatini yakunlaganda qay holatga tushishsa, sport kurashi ixlosmandlari bugun mana shunday yulduz bilan xayrlashishmoqda.

Foto: Getty Images

Mixain Lopes Nunesning faoliyati haqida istalgancha yozish, uning Kubadagi iqtisodiy og‘ir vaziyat sababli kubalik aksariyat sportchilar singari medallarini sotib yubormagani yoki medallar uchun juda katta pul mukofoti va’da qiladigan boshqa mamlakatlarning fuqaroligini rad etgani tahsinga sazovor. Bu borada uning vatanparvarligiga qoyil qolish mumkin.

Mixainning yunon-rum kurashidagi muvaffaqiyati - ulkan tarix. Biz esa maqola so‘ngida kubalik afsonaning faqat uchta yirik turnir – Olimpiada, jahon chempionati va qit’a birinchiligidagi oltinlarini shu yerda qoldiramiz:

Olimpiada chempioni – Pekin-2008, London-2012, Rio-2016, Tokio-2020, Parij-2024.

Jahon chempioni – Budapesht-2005, Boku-2007, Herning-2009, Moskva-2010, Toshkent-2014.

Panamerika O‘yinlari chempioni – Marakaybo-2002, Gvatamela-2004, Gvatamela-2005, Rio-2006, San-Salvador-2007, Kolorado-2008, Marakaybo-2009, Kolorado- 2012, Mexiko-2014.

Xayr, afsona!

Foto: Getty Images

Usmon Ibodov

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid