Jahon | 13:48 / 10.08.2024
18714
8 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu, Eron va AQSh: Yaqin Sharqda katta urush muqarrarmi?

HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilgandan so‘ng Eronning Jamkaron masjidi gumbaziga “qizil qasos bayrog‘i” ko‘tarilgan edi. Shundan buyon global hamjamiyat nigohi Eronning Isroilga javob berishini kutyapti.

Eron va Isroil ziddiyati fonida esa AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yubordi. Yaqin Sharqda so‘nggi kunlarda yuz berayotgan hodisalar siyosiy dinamikaga qanday ta’sir qilganini siyosatshunoslar Anvar Yo‘ldashev va Kamoliddin Rabbimov bilan “Geosiyosat”da muhokama qilamiz.

Chorshanba kuni Jiddada Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kerak edi, bu uchrashuvlar qanday yakunlandi? (musulmon davlatlar Eronning javob zarbasi qonuniyligini tan oladimi?)

Anvar Yo‘ldashev:

Eronning Isroilga javobi nega kechikyapti, bu Tehronning xalqaro sahnada yolg‘izlanib qolishidan xavotirlanishmi?

Anvar Yo‘ldashev: Eron tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Ali Bagiriy shunday ta’kidladiki, Eron Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirishni xohlamaydi, ammo nega o‘z hududiga bo‘layotgan tahdidni qaytarmasligi kerak. Bu gapni “Hizbulloh” rahbari ham ma’qulladi. Bu yerda qayta hujum bo‘lishi aniq yoki aniq emasligi asosiy o‘rinda emas, asosiysi Eron o‘z davlati hududini himoya qilishga intilishida, aslida.

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda Eronning maqsadi musulmon dunyosida Ismoil Haniyaning o‘ldirilishini bir xil qabul qilish. Yakdil geosiyosiy va siyosiy pozitsiyani ishlab chiqishni taklif qildi va bunga erishdi ham. Hattoki Saudiya Arabistoni ham Eron tomonga o‘tdi. Agar kelajakda Isroilga hujum bo‘ladigan bo‘lsa, Eron boshqa davlatlarga biz o‘zimizni himoya qildik, chunki bizning suverenitetimiz buzilgan edi. Biz bunga javob berdik degan pozitsiyani qo‘llashni maqsad qilgan. Shuningdek, Eronda yangi prezident saylangan va bu prezidentning asosiy maqsadi Eron munosabatlarini G‘arb bilan muvofiqlashtirish edi. Agar Eron bu yerda hujumni amalga oshirmasa, kuchsiz davlat maqomiga chiqib qolishi mumkin. Ammo kuchli to‘qnashuvni amalga oshirsa, o‘z davlati hududi ham urush maydoniga aylanishi mumkin. Ammo buni Eron xohlamaydi. Rossiya prezidentining Humayniyga telefon qilib, fuqarolik infrastrukturalariga jiddiy ziyon yetkazmaslik kerak degan gaplarida ham shu ma’no yotibdi. Eron bu orqali o‘z pozitsiyasini bildirib qo‘ymoqchi.

Bundan tashqari AQShdan bir guruh delegatsiya Eronga yuborilgan va ularning asl mujdalari Netanyahu Amerikaning yo‘rig‘idan chiqib ketdi, sizlar uning hiylasiga uchmasdan, bu ishni har tomonlama o‘ylab amalga oshirishingiz zarur degan fikrni Eronga yetkazganliklari haqida ham ma’lumotlar bor.

Erondagi so‘l kuchlar keskin qarorlar qabul qilib, qasos olishni ko‘zlayotgan bo‘lsa. Boshqa tomondagilar nisbatan vazminlik bilan vaziyatni nazorat qilishni xohlaydi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Eronga urush e’lon qilishni taklif etdi, bunga oddiy ritorika sifatida qarash kerakmi?

Anvar Yo‘ldashev: Menimcha, Amerika bunday ish qilmaydi. Amerika Isroilga yordam bermoqda, ammo AQSh aholisining 56 foizi Amerika harbiy qo‘shinining Yaqin Sharqda bo‘layotgan jangda ishtirok etishiga qarshi. Shu sababli bu urushda Amerikaning o‘zi qatnashmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Bir narsani tushunish kerakki, Mayk Jonson respublikachilardan, ammo hokimiyatda Bayden, Kamala Harris turibdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, u demokratlarning g‘ashini keltirish uchun bunday ritorikalarni amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki vaziyat yomonlashadigan bo‘lsa, bundan Tramp va uning maslakdoshlari ham manfaatdor bo‘lishlari aniq. Bu ritorika hissiyotlarga berilib ish tutish uchun qilinyapti desa ham bo‘ladi. Bu saylov fonidagi ritorika aslida.

AQSh doimgidek Isroilni himoya qilishni aytdi, Rossiya o‘z hamkori Eronni qanchalik va qaysi yo‘nalishlarda dastaklay oladi?

Anvar Yo‘ldashev: Eron bosh vaziri va Rossiya prezidentlari o‘rtasida aloqalar yaxshilanmoqda. Rossiya Eronga doim yordam qo‘lini cho‘zgan. Bu harbiy qurol-yarog‘lar, harbiy samolyotlar, raketalar singarilarda namoyon bo‘lmoqda. Rossiya esa Erondan harbiy dronlarni sotib oladi. Ammo buning ham yangi avlodlari shakllantirilmoqda. Bu esa Rossiya va Eron munosabatlari rivojlanib borayotganini ko‘rsatadi. Rossiya Yaqin Sharqda konflikt kelib chiqishidan manfaatdor. Bu orqali neft narxi oshadi, siyosiy tomondan boshqa davlatlarning harbiy yoki ijtimoiy yordamlari Ukrainaga berilmaydi va Ukraina yolg‘izlanib qoladi.

Kamoliddin Rabbimov: Agar Eron mag‘lubiyatga uchrasa, Rossiya Yaqin Sharqdagi eng yaqin hamkorlaridan ayriladi. Rossiya shuni tushunyaptiki, dunyodagi geosiyosat endi o‘zgarmoqda. Butun dunyo keyingi 30 yildagi Amerikaning gegemoniyasidan charchadi. Shu sababli geosiyosiy boshqaruv Rossiya, Xitoy foydasiga hal bo‘la boshladi.

Isroil ichki jamiyati bugungi Eron bilan konfliktga qanday munosabatda?

Kamoliddin Rabbimov: Aytish mumkinki, Isroil aholisining 30 foizi tashqi dunyo bilan murosa qilish va Falastinga imkon berishga moyil hisoblanadi. Ammo qolgan 70 foizi buni inkor qilish imkoniyatiga ega. Eron Isroil propagandasida eng katta tahdid sifatida ko‘riladi. Saudiya Arabistoni, Misr emas, aynan Eronni shunday deb hisoblashadi. Eron tahdidi shu darajada bo‘rttirilganki, Jorj Bush davrida Eron, Shimoliy Koreya, Iroq “yovuzlik o‘qi” sifatida ko‘rilgan. Iroq hukumati qulagandan keyin Eron bunda asosiy tahdid asosiga aylandi. Ammo Eron ancha vazmin davlat hisoblanadi. To‘g‘ri, Isroil uchun doimiy ritorik tahdidlarni qilib keladi. 1979 yildan Isroil va Eron munosabatlari keskin uziladi. Ammo bundan avvalgi davrda Isroilni davlat sifatida tan olgan davlat Eron edi.

Anvar Yo‘ldashev: Bu yerdagi konfliktning yechimi sifatida shuni aytish kerakki, bunda ko‘plab davlatlar, shuningdek, O‘zbekiston ham 2 xalqqa 2 davlat tamoyilini ilgari surmoqda. Ammo shu tamoyil tarafdorlari Isroilda yildan yilga kamayib ketmoqda. 2017 yilda Isroilda bu tamoyil tarafdorlari 47 foiz bo‘lgan, 2019 yil bu ko‘rsatkich 41 foizga tushgan. 2022 yilda 22 foiz, 2024 yilda 21 foizga tushdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tinchlik yo‘li tarafdorlari Isroilda yildan yilga kamayib bormoqda. Shuningdek, Isroildagi 10 million aholidan faqatgina 33 foizi Eron bilan tinch yashasa bo‘ladi deb, 24 foizi esa muzokara qilish mumkin deb hisoblaydi. Isroilning aholisi shu sababdan Eron yoki musulmon davlatlariga qarshi hisoblanadi. Isroildagi arablar, etnik yahudiylargina musulmon davlatlari bilan yarashishimiz kerak deb hisoblaydi.

Yaqin Sharqda xaos boshlandi deyish mumkinmi?

Anvar Yo‘ldashev: Yo‘q, bunga Eron yo‘l qo‘ymaydi. Isroil bunga harakat qilishi mumkin. Netanyahuning olib borayotgan siyosatidan buni ko‘rish mumkin. AQSh prezidenti Jo Bayden kuni kecha Netanyahuga telefon qilib, muzokaralar yo‘liga o‘tishi kerakligini qat’iy ta’kidlab gapirdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, AQSh ham Isroil muzokaralar yo‘lini tutishini xohlamoqda.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid