O‘zbekiston | 13:36 / 12.08.2024
8103
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda havo harorati yana ko‘tariladi, biroq hafta oxiriga borib pasayadi

O‘tgan hafta oxirida pasaygan jazirama issiq harorat shu hafta O‘zbekistonga qaytadi. Dushanbadan havo +37…+40 darajagacha isiydi. Payshanba kuni shimoli-g‘arbiy hududlarga salqin havo kirib kela boshlaydi, juma kuni esa haroratning pasayishi butun mamlakatni qamrab oladi.

Foto: Kun.uz

Nisbatan salqin dam olish kunlaridan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati yana ko‘tarila boshlaydi, deb xabar bermoqda «O‘zgidromet».

12-15 avgust kunlari respublikaning aksariyat hududlarida kunduzi havo +37...+40 darajagacha, janubda +42...+43 darajagacha issiq bo‘ladi.

Payshanba kuni salqin havoning yana bir qismi shimoli-g‘arbiy hududlarni egallashni boshlaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +28…+33 darajagacha pasayadi.

Juma kuni nisbatan salqin havo sharqqa siljiydi va past harorat butun O‘zbekistonni qamrab oladi. Harorat kunduzi +33...+36 daraja, shimoli-g‘arbiy viloyatlarda +28...+33 daraja, janubda +40 darajagacha issiq bo‘ladi.

Shu kunlarda quruq havo saqlanib qoladi, biroq 13 va 15 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida, shuningdek, Toshkent viloyati ayrim tog‘li hududlari, 15-16 avgust kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi, chang-to‘zonlar kuzatiladi.

Toshkentda ish haftasi davomida biroz bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqdan 3−8 m/s tezlikda esayotgan shamol 16 avgustda 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Havo harorati kechasi +22...+25 daraja, kunduzi 12-15 avgustda +37...+39 daraja, 16 avgustda +34...+36 daraja issiq bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid