Jahon | 13:33 / 13.08.2024
3637
4 daqiqa o‘qiladi

Belgorod oblasti Krasnoyarujskiy rayonini 11 ming kishi tark etdi

Belgorod oblastida Rossiyaning Kursk oblasti va Ukrainaning Sumi oblasti o‘rtasida joylashgan Krasnoyarujskiy rayoni 11 ming nafar aholisi uylarini tark etdi. 

Foto: Rossiya FVV

12 avgust kuni «tezkor vaziyat tufayli» Belgorod oblasti Krasnoyarjskiy rayonining 11 mingdan ortiq aholisi «o‘z turar joylarini tark etishdi». Bu haqda oblast gubernatori Vyacheslav Gladkov 13 avgust, seshanba kuni ertalab ma’lum qildi

«Hozir mingga yaqin odam vaqtinchalik joylashtirish markazlarida, ular oziq-ovqat, yotoqxona, zaruriy narsalar bilan ta’minlangan», dedi u mintaqada janglar ketayotganiga aniqlik kiritmasdan. Bir kun avval rossiyaparast Telegram-kanallari Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) tomonidan hujumlar sodir etilgani haqida xabar bergan edi. 

Xabar e’lon qilgan vaqtda, 13 avgust kuni Moskva vaqti bilan ertalab soat 8 da Gladkov mintaqadagi raketa xavfi haqida uch marta ma’lum qilgan va uch marta uni o‘zgartirgan.

Belgorod oblasti aholisini evakuatsiya qilish

Gubernator Gladkov Rossiyaning Kursk oblasti va Ukrainaning Sumi oblasti o‘rtasida joylashgan Krasnoyarjskiy rayoni aholisi evakuatsiya qilinishini ma’lum qildi. Keyinchalik mahalliy hokimiyat hududga kirishni yopdi. 

Shu kuni, 12 avgustda Krasnoyarjskiy rayoni rahbari Andrey Miskov o‘sha vaqtga kelib u yerda taxminan 11,5 ming kishi qolganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududda qolgan 500 kishi ma’muriyat xodimlaridir.

Avvalroq gubernator Vyacheslav Gladkov Krasnoyarjskiy rayonidagi Vyazovoye qishlog‘i ikki marta minomyot hujumiga uchragani, elektr uzatish liniyasi shikastlangani, elektr quvvati zaxira liniyalar orqali yetkazib berilayotgani haqida yozgan edi. 

Ukrainaning Kursk oblastidagi operatsiyasi 

Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yilning 6 avgustidan buyon Kursk oblastida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi va Rossiya targ‘ibot-tashviqoti Telegram-kanallari xabarlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Rossiya chegara hududining bir qismini qo‘lga kiritib, 10 kilometrdan ko‘proq ichkari tomon kirib borgan. 12 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Kursk oblastida 1000 kvadrat kilometrga yaqin hudud Ukraina armiyasi nazoratida ekanligini ma’lum qildi. 

Kursk oblastidagi harbiy amaliyotda «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik sohasidagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali xodimga tayanib, AFP xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish».

Belgorod oblastidagi ATO rejimi 

10 avgust kuni Belgorod oblastida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi. U jismoniy shaxslarning hujjatlarini tekshirish va hujjatlar yo‘q bo‘lgan taqdirda ularni ichki ishlar organlariga yuborishni o‘z ichiga oladi. Aholiga ma’lum hududlar va obektlarga kirish taqiqlanishi mumkin. Rasmiylar elektron yozishmalarni o‘qish va telefon suhbatlarini tinglash huquqiga ega. Ushbu chora fuqarolarni «vaqtinchalik ko‘chirish»ni, shuningdek, transport vositalari va piyodalar harakatini cheklashni nazarda tutadi. Xavfsizlik xizmatiga uy-joy va yer uchastkalariga to‘siqsiz kirish huquqi beriladi.

Mavzuga oid