Eron vitse-prezidenti 10 kun ishlab, iste’foga chiqdi. Nega?
Eron vitse-prezidenti lavozimini rasman egallaganiga 10 kun to‘lgan Muhammad Javod Zarif iste’fo berdi. O‘zining izohlashicha, u hukumatni shakllantirish borasidagi faoliyatidan qoniqmagan. Bu holat siyosiy elita ichkarisidagi bo‘linishga ishora qilishi mumkin.
Zarif – Eronning 2013-2021 yillardagi tashqi ishlar vaziri. U 2015 yilda Eron yadro dasturi bo‘yicha bitim tuzishda faol ishtirok etgan, Amerika rasmiylari bilan doimiy muloqotda bo‘lgan.
G‘arb nashrlari uning vitse-prezidentlikdan ketganiga katta ahamiyat qaratmoqda. New York Times bu iste’fo siyosiy elitani shokka tushirganini yozgan.
Ma’lumki, Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon islohotchilar nomzodi sifatida saylovda qatnashgandi. Aholi uni nisbatan erkinroq va ochiqroq Eronni qurishiga ishonib saylagan bo‘lsa-da, ekspert doiralari Pizishkiyonning oliy diniy rahnamoga sodiq ekani, davlatda asosiy boshqaruv uning qo‘lida bo‘lmasligini inobatga olgan holda, Eron siyosiy atmosferasida sezilarli o‘zgarish qilolmasligini bashorat qilgandi.
O‘tgan yakshanba kuni prezident Vazirlar Mahkamasi a’zoligi uchun qator konservatorlardan nomzodlarini e’lon qildi. Buning ortidan, shu kuni vitse-prezident o‘z lavozimini topshirishini ham ma’lum qildi: u vazirlarni tanlash borasida Pizishkiyon bilan turlicha fikrda bo‘lgan. Xususan, hukumat uchun tanlangan 19 vazirdan 6 nafari uning ro‘yxatida ikkinchi yoki uchinchi darajali, 1 nafari esa beshinchi darajali nomzod bo‘lgan.
OAVga ko‘ra, bularning hammasi dastlabki kunlardanoq ba’zi siyosiy doiralarning prezidentga nisbatan noroziligini kuchaytirmoqda. Ular Pizishkiyonni siyosiy o‘zgarishlar olib borish va’dasini hozirdanoq bajarmayotganlikda ayblashyapti.
Vitse-prezident etib tayinlangan va Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish qo‘mitasiga rahbarlik qilgan Muhammad Javod Zarif – Pizishkiyon kampaniyasining taniqli yuzlaridan edi. U saylov oldidan mamlakat bo‘ylab yurib, saylovchilarga o‘zgarishlar davri boshlanayotganini aytgan, katta va’dalar bergandi. Endi esa u hukumat tuzilmasdanoq lavozimini tark etib, siyosiy elitada chuqur bo‘linish yuz berayotganini ommaga namoyish qilmoqda, deya yozadi The New York Times.
Zarif X'dagi sahifasida odamlar kutgan ichki o‘zgarishlarni amalga oshira olmasligi unga ayon bo‘lganini ta’kidlagan.
“Men faoliyatimdan qoniqmadim. Ayollar, yoshlar huquqlari, etnik xilma-xillik vakillari borasida va’da qilganlarimga yetarli darajada erisha olmaganimdan uyalaman”, deya yozgan Muhammad Javod Zarif.
Deutsche Welle nashrining qayd etishicha, Eronda tuzilgan hukumatni islohotlar va’dasiga mos deb bo‘lmaydi. Iyul oyining oxiridan prezidentlik lavozimiga kirishgan Pizishkiyon o‘tgan hafta oxirida faqat bir nafar ayoldan iborat hukumat tarkibini Eron parlamentiga taqdim etdi.
Taklif etilayotgan ro‘yxat Eronning islohotchilar lageridagi ba’zilar, jumladan, marhum prezident Ibrohim Raisiy hukumatidan konservatorlar ham kiritilgani uchun tanqidga uchradi. Bu nomzodlar va’da qilingan islohotlarga mos kelmaydi, deya yozadi DW.
Ta’kidlash kerak, Muhammad Javod Zarif vitse-prezident etib tayinlanganidan keyin farzandlari AQSh fuqaroligiga ega bo‘lgani uchun bosimlarga duch kelganini ham qo‘shimcha qilgan.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
23:14 / 19.11.2024
Eron uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi - OAV
21:44 / 19.11.2024