Jahon | 14:41 / 13.08.2024
8382
3 daqiqa o‘qiladi

Gurbanguli Berdimuhamedov ta’til kunlarida sport mashinasini sinovdan o‘tkazdi

Sobiq prezident sinovdan so‘ng Avstosport markazini boshqa hududga ko‘chirishni buyurdi. Bunga sabab sifatida markazning fuqarolar tinchligini buzayotgani ko‘rsatilgan.

Foto: Videodan kadr

Turkmaniston sobiq prezidenti va amaldagi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ta’til vaqtida Avtosport markazida sport mashinasini haydab ko‘rdi, deb xabar bermoqda Turkmaniston davlat axborot agentligi. Ta’kidlanishicha, sobiq prezident “kunni odatdagidek jismoniy mashqlar bilan boshlagan".

Avtosport markazida u mashinalarni ko‘zdan kechirgan va ulardan birini sinovdan o‘tkazgan.

Avtomobilni o‘t oldirishdan oldin, obdon tayyorgarlik ko‘rish kerak: yo‘llarning holati va hududning iqlimiy xususiyatlari, avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish darajasi bilan qiziqish zarur”, — degan u.

Xalq Maslahati raisi “turli drifting texnikalaridan foydalangan holda sportkarni haydash, markazdagi trassalarini maksimal tezlikda kesib o‘tish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etgan”.

Shundan so‘ng u Turkmaniston avtosport markazi rahbari R.Begenjov bilan suhbatlashib, undan avtosportga qiziquvchilar soni tobora ko‘payib borayotgani, musobaqalar tizimli ravishda o‘tkazilayotgani haqida hisobot olgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov avtosport markazi Ashxobodning ilgari bo‘sh yotgan hududida qurilgani va bu yerda ixtisoslashtirilgan inshootlarning qurilishi o‘ziga xos shaharcha shakllanishiga xizmat qilganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, hududda Turkmaniston Ichki ishlar vazirligiga tegishli bir necha binolar, yaqin atrofda harbiylar va huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun turar joy binolari, ommaviy tadbirlar o‘tkazish markazi joylashgan. Qurilish ishlari hamon davom etmoqda.

Uchrashuvda sobiq prezident Avtosport markazi binolarini ko‘chirishni buyurgan, chunki turar joy binolari yonida joylashgan sport inshootlari va ishlab chiqarish majmualari fuqarolar tinchligini buzmoqda. Gurbanguli Berdimuhamedov yangi majmuaning joylashishini aniqlab bo‘lgach, bu taklifni prezidentga taqdim etishini aytgan.

Bundan tashqari, Begenjovga Markazda sportchilarni tayyorlash va “avtomobillarni boshqarishda ularning hushyorligini oshirish, yo‘llarda harakatni muvofiqlashtirishni rivojlantirish va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish” topshirilgan.

Avtosport markazi Cho‘g‘onli tumanida joylashgan. Inshoot 2013 yilda xususiy turar joy maydoni yonidagi eng katta bozor o‘rnida qurilgan. 10 yildan ko‘proq vaqt davomida hukumat avtodorom shovqinidan bezovta bo‘lgan aholining muammolari haqida qayg‘urmagan edi, deb yozadi Central Asia nashri. Biroq 2018 yildan 2022 yilgacha hududda ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun kottejlar qurilgan, endi markaz ularning tinchini buzmoqda.

Mavzuga oid