Jahon | 07:45 / 14.08.2024
3154
3 daqiqa o‘qiladi

Abbos Falastin masalasida tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi

Tinchlik konferensiyasi o‘tkazilishi xalqaro hamjamiyatning «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyilini amalga oshirishga intilishini ko‘rsatishi kerak, dedi FMM rahbari Putin bilan uchrashuvda.

Foto: EPA / UPG

Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida xalqaro hamjamiyatni Falastin muammosi bo‘yicha xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi, deb xabar qildi Falastinning WAFA axborot agentligi 13 avgust, seshanba kuni. Abbosning so‘zlariga ko‘ra, bunday konferensiyadan maqsad falastinliklarga xalqaro hamjamiyat «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyilini amalga oshirish imkoniyatiga jiddiy qarashiga umid berishdir.

Dunyo davlatlari Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga va Xalqaro sud qarorlarini bajarishga undashlari kerak, dedi FMM rahbari. U Falastinning G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini mintaqadan to‘liq olib chiqib ketish, Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi ko‘chmanchilar hujumlari hamda Quddusdagi musulmonlar va nasroniylarning muqaddas qadamjolarini buzishni to‘xtatish talablarini yana bir bor takrorladi. 

Putin: Rossiyaning Falastin davlati zarurligi haqidagi pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda 

Putin Mahmud Abbos bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya har doim Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lganini va bu boradagi Rossiya pozitsiyasi «o‘zgarishsiz» ekanini ta’kidladi. «Bu uzoq vaqt oldin ishlab chiqilgan. Biz mintaqada uzoq muddatli, ishonchli, barqaror tinchlikni ta’minlash uchun BMTning barcha qarorlarini amalga oshirish va birinchi navbatda, barqarorlikni ta’minlash zarur deb hisoblaymiz», - deya Kreml uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi. 

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
 
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid