Jahon | 11:39 / 14.08.2024
3642
3 daqiqa o‘qiladi

Hamas: Isroil vazirlarining Al-Aqso masjidiga reydi olovga moy sepishdir

Bir kun avval isroillik vazirlar Ben-Gvir va Vasserlauf hamda bir guruh Isroil parlamenti a’zolari Isroil politsiyasi himoyasi ostida Al-Aqsoda reyd o‘tkazdi. 

Foto: Anadolu Agency

Hamas harakatining ma’lum qilishicha, Falastin yerlarini bosib olgan fanatik yahudiylar bilan birga Al-Aqso masjidiga reyd uyushtirgan isroillik vazirlar olovga moy sepmoqda.

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hamda Najaf va Jalila taraqqiyot vaziri Itsxak Vasserlauf hamda Isroil parlamentining ba’zi a’zolari fanatik yahudiylar bilan birga Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishi ortidan Hamas yozma bayonot berdi. 

«Ben-Gvir va Vasserlauf tomonidan bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga namozxonlar haydab chiqarilgandan keyin isroillik guruhlar boshchiligida bostirib kirilishi va ularning provokatsion safarlari Falastin xalqiga, ularning yerlariga qilingan hujumning davomidir. Bu butun dunyo musulmonlarining his-tuyg‘ulariga qarshi provokatsiya», - deyiladi Hamas bayonotida.

Xabarda «hokimiyatni egallab olgan isroilliklar o‘z reydlarini bir necha bor yahudiylarning bayramlariga to‘g‘rilagani» ta’kidlanib, Talmud marosimlari va Al-Aqso hovlisida bayroqlarning osilishi uni yahudiylashtirish uchun yetarli bo‘lmasligi aytiladi.

G‘azo, G‘arbiy sohil va Quddusdagi voqealar bilan bog‘liq bayonotda quyidagilar bildirilgan: 

«G‘azoda davom etayotgan qirg‘inlar, G‘arbiy sohildagi qotilliklar, tizimli qonunbuzarliklar hamda Quddus va Al-Aqso masjidini yahudiylashtirishga urinishlar mintaqadagi olovga moy sepib, mintaqaviy va xalqaro tinchlikka bevosita tahdid solmoqda».

Hamas xalqaro hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkilotini «Isroilni tiyib turish hamda jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish» uchun jiddiy pozitsiyani egallashga chaqirdi.

Bir kun avval Isroil vazirlari Ben-Gvir va Vasserlauf, shuningdek, Isroil parlamentining bir guruh a’zolari Isroil politsiyasi himoyasi ostida Al-Aqsoda reyd o‘tkazdi. 

Reyd davomida Al-Aqsodan tarqatilgan videomurojaatda Ben-Gvir shunday dedi: «Boshqaruv va suverenitet bilan bog‘liq muhim o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu yerda yahudiylarni ko‘rish mumkin. Avval aytganimdek, bizning siyosatimiz (yahudiylarning) bu yerda marosimlar o‘tkazishiga ruxsat berishdir». 

Mavzuga oid