Jamiyat | 18:08 / 15.08.2024
44095
5 daqiqa o‘qiladi

Agar bank kartangiz paroli quyidagilardan biri bo‘lsa, uni o‘zgartiring - mutaxassis maslahatlari

Microsoft va Facebook'da Data Scientist bo‘lib ishlaydigan Nik Berri ommaga chiqib ketgan 3,4 millionta pin-kod (to‘rtta raqamdan iborat belgi)larni tahlil qilib, odamlar eng ko‘p foydalanadigan pin-kodlar ro‘yxatini tuzdi. U odamlarni taxmin qilish qiyin bo‘lgan parollardan foydalanishga chaqiradi.

Foto: Shutterstock

Muallif o‘zining Datagenetics saytida e’lon qilgan maqolasida bu tahlillar xakerlar va o‘g‘rilar o‘z jirkanch harakatlarini amalga oshirishda foydalanishlari uchun yozilmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z dalillarini isbotlash uchun ayrim ma’lumotlarni oshkor qilgan, biroq aniq ma’lumotlarni taqdim qilmagan.

“Men foydalangan ma’lumotlar bazasini so‘rab, menga elektron pochta orqali xabar yubormang – vaqtingizni behuda sarflaysiz, chunki men javob bermayman. Asl ma’lumotlarni sotish, berish yoki nashr etish niyatim yo‘q – so‘ramang!” – deb yozadi u.

Nik ishlab chiqqan grafikda oqarganlik darajasi parol qanchalik keng tarqalganini bildiradi. Masalan, 1234 sariq-oq rang bo‘lgani tufayli unga eng oson topiluvchi parol deb qarasak bo‘ladi va aksincha, 0859 paroli esa juda ham qora rangda bo‘lib, u kam uchraydigan parol ekanini tushunamiz.

“Men deyarli 3,4 million to‘rt xonali parolni topa oldim. 0000 dan 9999 gacha bo‘lgan 10 000 ta raqamli kombinatsiyaning har biri ma’lumotlar to‘plamida taqdim etilgan. Bularning ichida eng mashhur parol – 1234 ekan. 3,4 millionta parolning 11 foizini 1234 tashkil qiladi”, – deydi u.

Keyingi eng mashhur to‘rt xonali pin-kod 1111 bo‘lib, bunday parollar jami pin-kodlarning 6 foizini tashkil qiladi.

Uchinchi o‘rinda eng mashhur parol esa – 0000, bu jami parollarning 2 foizini tashkil qiladi.

2-rasmda 20 ta eng mashhur parollar jadvalini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu 20 ta kombinatsiyani sinab ko‘rish orqali barcha parollarning 26,83 foizini taxmin qilish mumkin.

Eng ko‘p tarqalgan 4 xonali parollar

Yuqoridagi bir nechta yozuvlarni diqqat bilan ko‘rib chiqsak, eng ko‘p taxmin qilib topish mumkin bo‘lgan parollar quyidagilar:

1111, 2222, 3333...9999, shuningdek, 1212 va 6969. Ro‘yxatda 4321 yoki 1010 ni emas, balki 1122 va 1313 kabi parollarni yuqori o‘rinlarda ko‘rish ajablanarli emas.

Umuman olganda, bu tadqiqotga ko‘ra, quyidagi 20 ta parol butun boshli ma’lumotlarning 27 foizini egallarkan, ya’ni har 10 ta odamdan 3 tasining paroli shu ro‘yxatda bor:

1234, 0000, 7777, 2000, 2222, 9999, 5555, 1122, 8888, 2001, 1111, 1212, 1004, 4444, 6969 , 3333, 6666, 1313, 4321, 1010

Yana bir qiziq insayt shuki, 2580 paroli ham ko‘p tarqalgan ekan, chunki u telefon klaviaturasida o‘rtada vertikal joylashgan va ko‘pchilikka qulay.

Agar siz kompyuter klaviaturasidagi raqamli klaviaturaga qarasangiz, 2580 raqamini terish biroz qiyinroq ekanini ko‘rasiz. Klaviaturadagi tugmalar tartibi teskari bo‘lgani uchun 2580 parolini ko‘p odamlar mobil telefoni orqali qo‘yishadi. Shu sababli ular kredit karta va tarmoq parollari uchun bir xil to‘rtta raqamni qayta ishlatadi.

Yana bir qiziq fakt shundaki, odamlar toq raqamlardan ko‘ra juft raqamlarni afzal ko‘rishadi va 2468 kabi kodlar 1357 kabi ekvivalent toq raqamlardan ko‘ra keng tarqalgan.

Yana bir takrorlanadigan parollar bular 19 bilan boshlanganlari ekan, ko‘pchilik tug‘ilgan yilini yoki kun/oyini parol qilib qo‘yadi, masalan, 1995 yoki 3106 ga o‘xshash

XYXY formatdagi parollar ham keng tarqalgan ekan, masalan, 2525, 5050 va hokazo. Buni yuqoridagi grafikda diogonal chiziqlar ancha yorqinroq ekanidan ko‘rishingiz mumkin.

Statistikaga ko‘ra, barcha kodlarning uchdan bir qismini atigi 61 xil kombinatsiyani sinab ko‘rish orqali taxmin qilish mumkin.

Unda qanaqa parol qo‘yish kerak?

Tahlillarga ko‘ra, quyidagi parollar eng kam tarqalgan ekan :

8557, 9047, 8438, 0439, 9539, 8196, 7063, 6093, 6827, 7394, 0859, 8957, 9480, 6793, 8398, 0738, 7637, 6835, 9629, 8093, 8068

Eng kam tarqalgan parollar

Unda shularga o‘zgartirish kerakmi? Yo‘q, albatta, chunki bu maqolani bitta siz o‘qimaysiz.

Parol tanlashda shu maqolada keltirilganlar va ko‘rgan formatdagi parollardan farqli parol tanlasangiz, ancha xavfsiz bo‘ladi.

Aytgancha, bu parollar faqatgina plastik kartalar emas, umuman barcha joylardagi 4 xonali parollarga tegishli.

Javohir Jo‘raxo‘jayev tarjimasi

Mavzuga oid