Jahon | 09:20 / 16.08.2024
4020
3 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Abbos G‘azo sektoriga tashrif buyurish rejasi haqida ma’lum qildi

Turkiya parlamentida so‘zga chiqqan FMM rahbari Falastin milliy ma’muriyatining barcha a’zolari bilan birga G‘azo sektoriga borishga va’da berdi. 

Foto: Adem Altan/AFP/Getty Images

Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos G‘azo sektorida davom etayotgan urush bilan bog‘liq xavf-xatarlarga qaramay, unga tashrif buyurish niyatida. Bu haqda u 15 avgust, payshanba kuni Turkiya parlamentining navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi

«Bu borada boshqa ilojimiz qolmadi, men va Falastin ma’muriyatining barcha a’zolari G‘azoga borishga qaror qildik va biz buni amalga oshiramiz», - deya ta’kidlagan Abbos. «Bizning hayotimiz G‘azo sektoridagi hech bir bolaning hayotidan qimmatli emas», - dedi u. 

88 yoshli FMM rahbari 45 daqiqalik nutqida Falastin huquqlarini qo‘llab-quvvatlagani va insonparvarlik yordami ko‘rsatgani uchun Turkiya va turk xalqiga minnatdorchilik bildirdi hamda Isroilni G‘azo sektoridagi «genotsid» uchun qoraladi. U Falastin xalqining o‘z yerlari uchun kurashda sobitqadamligini ta’kidladi. «Falastinliklar o‘z huquqlarini himoya qilishda davom etadilar va o‘z yerlarini tashlab ketmaydilar», - dedi u. 

Abbos Anqaraga 14 avgust kuni Moskvaga tashrifining ertasiga yetib keldi. FMM rahbari 13 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida xalqaro hamjamiyatni Falastin masalasi bo‘yicha tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu falastinliklarda xalqaro hamjamiyat «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyilini amalga oshirish imkoniyatiga jiddiy yondashishiga umid uyg‘otishi kerak. 

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
 
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
 

Mavzuga oid