O‘zbekiston | 16:28 / 17.08.2024
2901
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tmoqda

16-17-18 avgust kunlari Toshkentdagi “Tashkent Magic City” istirohat parki hududida an’anaviy “Toshkent suvenirlari” ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi.

“Toshkent suvenirlari” ko‘rgazma-savdosi hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqargan suvenir turlarini kengaytirish va ularning ommabopligini aniqlash, sifat va dizayni ustida ish olib borish, chet ellik mehmonlarning mahsulotlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini o‘rganishdan iborat. Tadbir ayniqsa yoshlar o‘rtasida nomoddiy madaniy merosimizning ahamiyati va uni saqlab qolish xususida tushuntirish ishlarini olib borish, milliy va xalqaro darajadagi suvenirlarni targ‘ib qilish, fikr va tajriba almashish uchun zamin bo‘ladi.

Ko‘rgazma-savdoda hunarmandchilik mahsulotlari savdosi tashkil qilindi. Unda 200 nafarga yaqin eng mohir hunarmandlarning noyob asarlarini tomosha qilish bilan birgalikda xarid qilish ham mumkin. Bu asarlar tabiiy mahsulotlardan qo‘lda tayyorlangan bo‘lib, ular hunarmandning qalb qo‘ri, ko‘z nuri hamda xalqimizning orzu-istaklari va ming yillik an’analarini o‘zida mujassam etgan. Ko‘rgazma-savdoda ishtirokchilar hunarmandlar tomonidan mahorat darslarini kuzatish va bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tadbirlarda qatnashish istagini bildirgan mehmonlar o‘z qo‘llari bilan loydan ko‘za yasab ko‘rishlari, ipakdan mato to‘qishlari, do‘ppiga naqsh berib ko‘rishlari, beshik yasash jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 2024 yilning I yarim yilligi davomida 112 nafar hunarmandlarga 9 ta xorijiy tadbirlarda ishtirok etishga ko‘maklashildi va buning natijasida 620,0 ming dollarlik hunarmandchilik mahsulotlari eksportiga erishildi.

Joriy yilning 6 oyi davomida hunarmandchilik yo‘nalishi bo‘yicha jami 13 ta tadbirlar o‘tkazilib, shundan, 4 tasi xalqaro hamda 9 tasi respublika miqyosidagi turli hunarmandchilik ko‘rgazmalari va ko‘rgazma-savdolarini tashkil etadi.

Subsidiya turlari bo‘yicha joriy yil 1-yarim yillikda “Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” hisobidan jami 11,9 ming nafar ishsiz, kam ta’minlangan va uyushma a’zolariga 22,3 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan. Haqiqatda jami 2,5 ming nafar fuqarolarga 2,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi (12,1 foiz).

Shuningdek an’anaviy usta shogird maktablari soni 2,7 mingtani tashkil etgan bo‘lib, maktablarda 10,2 ming nafar shogirdlar hunar o‘rgangan.

“Toshkent suvenirlari” ko‘rgazma-savdosi 17-18 avgust kunlari ham davom etadi. Milliy hunarmandlar tomonidan yasalgan yorqin namunalarni ko‘rish, xarid qilish uchun “Tashkent Magic City” istirohat parkida kutamiz.

Mavzuga oid